Shofirkon: pilla qabul qilish maskani tobora gavjum ko‘rinish olmoqda
2026-05-16 10:15:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda pillachilik tarmog‘ida davlat shartnoma rejalarini Shofirkon tumani viloyatda birinchilar qatorida uddalab, qator mehnat muvaffaqiyatini qo‘lga kiritib kelmoqda. Joriy yilda ham hududdagi 12 ta inkubatoriyada jami 4178 quti ipak qurti parvarishlanib, 251 tonnaga teng “kumush tola” xirmonini bunyod qilish chora-tadbiri ko‘rildi.

Joriy bahor mavsumida tumanda ipak qurti boquvchi zveno va kasanachilar soni 2089 nafarga yetgan. Jumladan, hududdagi 164 ta fermer xo‘jaligi bilan 2870 quti, kasanachilar bilan esa 1308 quti ipak qurti parvarishi bo‘yicha shartnomalar tuzilib, jarayon aniq reja asosida olib borilmoqda.
Pillachilik bilan shug‘ullanayotgan oilalar moddiy qo‘llab-quvvatlanib, har quti ipak qurti uchun 500 ming so‘mdan avans-bo‘nak puli ajratilgan. Bundan tashqari, Prezident qaroriga muvofiq kasanachilarga har kilogram hosil uchun 15 ming so‘mdan subsidiya berilishi belgilangan. Kam ta’minlangan oilalarga esa pilla boqish xonalarini ta’mirlash maqsadida 3 yil muddatga, eng kam ish haqining 50 baravarigacha ssuda ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Pillakorlarga yaratilgan imkoniyatlar qatorida hosil yig‘ib olingach, har bir kilogramm pilla uchun 40 ming so‘mdan haq to‘lanayotgani, rejadan ortiqcha yetishtirilgan mahsulot har kilogrami uchun 50 ming so‘mdan rag‘bat puli hisoblab berilayotganini e’tirof etish joiz.
“Savrak” hududidagi pilla qabul qilish maskanida tuman hokimligi, buyurtmachi “Romstar” MChJ, tegishli mas’ul mutasaddilar pillani qabul qilish jarayonini kundalik nazoratga olishgan. “Kumush tola” xirmoniga hissa qo‘shayotgan peshqadam pillakorlar shu yerda rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alarini olishmoqda.
Muhimi, tumanda qizg‘in o‘tayotgan pilla mavsumi o‘nlab xonadon, kasanachi, zvenolar uchun mo‘may daromad, bandlik va baraka manbaiga aylangan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








