Olot: hududda zamonaviy kanalizatsiya tizimi joriy etilmoqda
2026-05-16 09:55:00 / Yangiliklar

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yildagi 482-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shu asosda “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiyasi” loyihasi birinchi bosqichi doirasida viloyatning olis tumanida kanalizatsiya—suvoqava tizimini joriy etishga rasmiy start berilmoqda.
Aholi tashvishini yengillashtirish, ayniqsa, ko‘p qavatli turar joylar, ijtimoiy soha inshootlarida zarur muhandislik kommunikatsiya tarmog‘ini joriy etish maqsadi ko‘zlangan bu xayrli ish ayni kunda tuman hokimligi, suv ta’minoti filiali, tegishli mutasaddilar, qurilish ishlarini zimimasiga olgan pudratchi va mahalla faollari ko‘magida ro‘yobga chiqarilmoqda.
Loyihaga muvofiq, tumanda umumiy kanalizatsiya tarmog‘i uzunligi 198 kilometrni tashkil etib, xizmat ko‘rsatish hududi Asajam, Oq oltin, Jayxunobod, Bo‘ston, Navro‘z, Xalifa, Bunyodkor, Eski Olot, Soyinqorovul kabi o‘nga yaqin mahallani qamrab olishi kutilmoqda. Ayni kunda hududda istiqomat qilayotgan aholi soni 27 mingdan oshiqni tashkil etmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida sutkasiga 3 800 metr kub quvvatga ega zamonaviy tozalash inshooti barpo etilishi, 3 gektardan ortiq maydonda qurilish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hududda 20 ta kanalizatsiya nasos stansiyasi o‘rnatilishi belgilangan. Mazkur loyiha moddiy qiymati 17,7 million AQSh dollarini tashkil etmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu xayrli loyiha Olot tumanida zarur infratuzilmani joriy etish, ekologik tozalikni ta’minlash, yer osti suvlari ifloslanishining oldini olish hamda aholi salomatligini yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




