Buxoro shahri: 1,6 ming metr vodoprovod quvuri, 4,5 ming metr uzunlikda yerosti elektr kabeli tortilmoqda
2026-05-14 19:25:00 / Yangiliklar
Muhandislik kommunikatsiya tarmoqlaridagi yangilanishlar—aholi uchun barqaror ichimlik suvi hamda elektr energiyasi ta’minoti garovi. Ayni kunda Buxoro shahrining turli hududlarida aholini uzluksiz ichimlik suvi hamda elektr energiyasi bilan ta’minlash, iste’molchilarga qulay, sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida keng ko‘lamli qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani hududagi bir necha mahallada yashovchi aholi talab va murojaatlariga munosib javobdir.

Bir necha kundirki, Buxoro shahrining Dilkusho ko‘chasida uzunligi 1,6 ming metr bo‘lgan, diametri 325 millimetrli yangi markaziy ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha orqali Sa’diy Sheroziy, Dilkusho, Guliston, Muhammad Narshaxiy kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi qariyb 21 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Albatta, bu ishlar natijasida hududdagi ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, mavjud muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Bu esa iste’molchilarni toza va sifatli ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Buxoro shahrini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yana bir yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Hududlardagi 4 mingdan ortiq iste’molchini elektr ta’minotini yaxshilash uchun 4 500 metr uzunlikdagi, yangi yerosti kabel tarmog‘i tortilmoqda. Shuningdek, hududga qo‘shimcha ravishda 1 dona quvvati 400 kVA soatga teng bo‘lgan elektr transformator punktini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Bir necha kundirki, bu boradagi ishlarni o‘z vaqtida bajarish uchun Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasining 50 nafardan ortiq ishchi-mutaxassisi, mazkur mexanizatsiyalashgan guruhga 4 ta maxsus texnika jalb etilgan.
Hududda kelgusida ham iste’molga yaroqli “obi hayot” ta’minoti tarmog‘ini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi infratuzilmasini yangilash va xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni izchil davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








