Buxoro tumani: “Yobuxona” qishlog‘ida ham tomorqadan baraka topayotgan xonadonlar bor
2026-05-13 22:40:00 / Yangiliklar

Hududda olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari, ro‘yobga chiqarilayotgan yangi loyihalar, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari, qolaversa, 6,2 gektar maydonni egallagan hududa umumiy qiymati 26,2 milliard so‘m mablag‘ sarflab, kichik sanoat zonasi tashkil qilingani tufayli “Rabotiqalmoq” MFY o‘tgan yilda rasman ishsizlikdan xoli hududga aylantirilgan. Birgina o‘tgan yili mahallada 600 nafarga yaqin ishsizning bandligi ta’minlangan.
“Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini, Yobuxona qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Saodat Tog‘aeva ham o‘z tomorqasidan samarali foydalanib, oilasiga qo‘shimcha daromad manbaini yaratayotgan mehnatsevar va tashabbuskor fuqarolardan biri.
Uning oila a’zolari bilan birgalikda tomorqachilik va unda issiqxonani yuritib, xonadonda asalarichilik bilan shug‘ullanishayotgani, shu qatorda og‘ilxonada chorva mollari boqib, avvalo ro‘zg‘or kam-ko‘stini to‘ldirayotgani, omilkorlik bilan ish olib borilayotgani tahsinga loyiq.
Tomorqa yerida ertangi kartoshka, pomidor, qulupnay va sarimsoqpiyoz ekib parvarishlanayotgan bo‘lsa, 2 sotixdan iborat issiqxonada bodring va bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Xonadon mehnatkashlari hademay, 700 kilogram kartoshka, yarim tonnaga yaqin pomidor, yana bir tonna atrofida bodring va sarimsoqpiyoz olish harakatidalar.
Saodat Tog‘aeva shuningdek, og‘ilxonasida 3 bosh qoramol, sog‘in sigir, 4-5 bosh qo‘y-qo‘zi parvarishlab, ro‘zg‘origa baraka kiritmoqda. Xonadon dasturxonida sarxil sabzavot mahsulotlari bilan birga, albatta sut, qatiq, sariyog‘, tuxum bor. Qolaversa, tomorqa chetida parvarishlanayotgan asalari uyasi ham 8 taga yetkazilgan. Yilda ikki marta asal tortish mavsumida bu asalari oilalari har biridan 10-12 kilogramdan bol olinmoqda. Ko‘rinib turibdiki, shu tarzda bir oilaning moddiy ehtiyoji, dasturxon to‘kinligi halol peshona teri evaziga ta’minlanmoqda.
Oila sohiblari mehnat jabhasida ter to‘kib, uch nafar farzand tarbiyasini ham risoladagidek olib bormoqdalar. Ular yoshligidan tomorqada ishlab, qoramollar parvarishida band bo‘lib, ro‘zg‘or ta’minotiga hissa qo‘shmoqdalar. Shu boisdan, Saodat Tog‘aevaning uy xo‘jaligidagi tajribasi mahalladoshlari uchun ibratdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






