Buxorolik 7 nafar “Prezident hojilari” Haj safariga yo‘l olmoqda
2026-05-13 22:00:00 / Yangiliklar

Mazkur savobli ishlarning uzviy davomi sifatida yurtdoshlarimizdan 100 nafari “Prezident hojilari” degan ulug‘ maqomga munosib topilib, Haj amallarini bajarish baxtiga musharraf bo‘lmoqdalar.
Xususan, Buxoro viloyatida uzoq yillar davomida xalqimizga fidokorona xizmat qilgan nuroniy hamda faol 7 nafar yurtdoshimiz tanlab olindi.
Bu fuqarolarimiz uchun ajratilgan “Prezident hojilari” sovg‘asi va Haj safariga yo‘llanmalarini o‘z egalariga tantanali topshirish jarayoni viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, Mahallalar uyushmasi rahbari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari tomonidan tashkil qilindi.
Jumladan, M.Abdullayeva, X.Abdullayev, G.Razzoqov, Z.Sharipova, O.Murodova, M. Fattohov, D.Shukurovalarga haj yo'llanmasi sertifikati, maxsus sumka va chemadon jamlanmalari, shuningdek, ikki nafar yurtdoshimiz M.Fattohov hamda D.Shukurovaga televizorlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Prezident hojilari”ni Toshkent shahriga yetib borishlari uchun 17-may kuni “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishidagi temir yo‘l chiptalari olinib, ularga hamrohlik qilish uchun viloyat hokimligidan mas’ul xodim biriktirildi.
Shu bilan birga, “Prezident hojilari”ni Haj safariga munosib kuzatish hamda kutib olish bilan bog‘liq barcha zarur tashkiliy tadbirlar yuqori darajada amalga oshirilishi ta’minlanadi. Bu sa’y-harakat yurtimizda insonparvar siyosatning xalqimizga, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









