Shofirkon: “Aslbek Asadbek lak servis” MChJ eksportyor korxonalar safiga qo‘shilmoqda
2026-05-12 17:35:00 / Yangiliklar
“Jo‘sho‘ra” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Aslbek Asadbek lak servis” MChJ 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda qurilish sohasi uchun zarur bo‘lgan quruq shpatlyovka hamda lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hududda Arabxona, Chig‘ilbak, Jo‘shura, Chitgaron, Savrak, Naqqosh, Boboato kabi mahalla va qishloqlarda yashovchi aholining uy ta’mirida yoki ijtimoiy soha inshootlari qurilish-montaj ishlarida albatta, "Aslbek Asadbek lak servis" MChJ sexi va savdo do‘konining o‘z o‘rni bor.

Asosan Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan korxonada kunlik ishlab chiqarish quvvati 6 tonnani tashkil etadi. O‘rtacha hisobda oyiga 70 tonna qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish jarayoni, tayyor mahsulot sifati, xomashyo ta’minoti hamda korxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari yildan yilga o‘sib borayotgani tuman iqtisodiyotiga munosib ulush qo‘shilayotgani dalolati, albatta. Ayni kunda 8 nafar ishchi bandligi ta’minlangan korxona rahbari Abdullo Qudratov biznes loyihasini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mehnat jamoasi moddiy manfaatdorligini oshirish choralarini ko‘rmoqda.
Hozirda korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orasida 15 turdagi lak-bo‘yoqlar, 30 turdagi quruq aralashmalar, kafellar uchun kleylar va travertin kabi mahsulotlar bor. Ayniqsa, korxona poytaxt Toshkent shahridagi savdo hamkorlari ko‘magida o‘z brendiga ega "Megamir" hamda "Uzbrend" mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni yo‘lga qo‘ygan. Muhimi, bugunga kelib "Aslbek Asadbek lak servis" MChJda mahalladagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda mavsumiy ishchi soni 20 nafardan oshmoqda.
“Aslbek Asadbek lak servis” MChJ tomonidan 2026 yildan boshlab mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qo‘shni Tojikiston respublikasiga qurilish mahsulotlari eksport qilinmoqda. Hozirga qadar eksport hajmi 65 tonnani tashkil etib, mahsulot qiymati 70 ming AQSh dollariga yetgan. Bu ham tumanning eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Korxona ishchi kuchi bilan yiliga o‘rtacha 1,2 ming tonnaga teng qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilib, qiymati 2,2 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari yaratilmoqda. Ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish hududda yoshlar bandligi va yana o‘nlab xonadon moddiy manfaatdorligin oshirish imkonini beradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






