Shofirkon: “Koinot yulduz servis” eksportbop un ishlab chiqarishini kengaytirmoqda
2026-05-11 11:35:00 / Yangiliklar
“Savrak” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Koinot yulduz servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hudud eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan korxonalardan biriga aylanmoqda.

Faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan korxonaga Jahongir Zoirov rahbarlik qilmoqda. Tadbirkor tomonidan Turkiya davlatidan 1,1 million AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy tegirmon uskunalari olib kelinib, ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur sexda ishlab chiqarish quvvati orqali bir kunda 150 tonna boshoqli don qayta ishlanib, 45 tonna kepak mahsuloti tayyorlanmoqda.
Bir oyda korxona mehnat jamoasi o‘rtacha 4200 tonna un hamda 1100 tonna kepak mahsulotini tayyorlab, buyurtmachi xaridorlariga yetkazmoqda. Ayni kunda tayyor mahsulot asosan Afg‘oniston va Turkmaniston respublikalariga eksport qilinmoqda.
Korxonada hozirda 25 nafar ishchi-mutaxassis doimiy mehnat bilan band qilingan. “Koinot yulduz servis” MChJ tomonidan yiliga o‘rtacha 6650 tonna un mahsuloti eksport qilinib, bunda ishlab chiqarish moddiy qiymati 2 million AQSh dollarini tashkil etmoqda.
“Koinot yulduz servis” MChJ loyihasini amalga oshirish maqsadida “Asia Allians bank” ATB Buxoro filiali tomonidan 1,1 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘i ajratilgani ayni maqsadga xizmat qilmoqda. Korxona faoliyati doirasida kelgusida yiliga o‘rtacha 22 ming tonna un mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu hajm orqali 72,5 milliard so‘mga teng mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Shuningdek, joriy yil davomida 10 ming tonna bug‘doy jamg‘arish maqsad qilingan.
Mazkur un ishlab chiqarish zavodi yaqin oylarda tuman eksport salohiyatini oshirishda salmoqli o‘rin tutishi, hudud iqtisodiy imkoniyati hamda aholi bandligini oshirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






