Gʻijduvon: maktabda maʼnaviyat va maʼrifat markazi ochildi
2026-05-11 10:50:00 / Yangiliklar

“Xalq va armiya—yakdil” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu tadbirda faxriylar, harbiy xizmatchilar, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni Gʻijduvon tumani hokimi Farhod Umarov ochib, oʻz nutqida barcha ishtirokchilarni 9-may—“Xotira va qadrlash kuni” bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan yurtdoshlarimiz porloq xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashashini taʼkidladi.
Mazkur dargohda qisqa muddat ichida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu tashabbuslar, maktab jamoasining fidokorona mehnati alohida eʼtirof etildi.
Davlat madhiyasi bilan boshlangan tadbirda taʼlim maskanining maʼnaviyat va maʼrifat markazi, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinfi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik xonalari, Vatanparvarlik sinfi hamda faollar zali tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Maktabga esdalik sifatida suratli albomlar, disklar, davlat bayrogʻi va 100 ta kitob topshirildi. Shuningdek, Qizbibi Husenovaning ibratli hayoti va fidokorona mehnat faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.
Tantanali bayram tadbirida mehnati faxriysi Qizbibi Husenovaning farzandi, general Mehriniso Tilavova, ustozlari va shogirdlari oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashdilar.
Harbiy orkestr, faxriy qorovul vzvodining chiqishlari hamda maktab oʻquvchilarining vatanparvarlik ruhidagi sahna koʻrinishlari barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilari Xotira burchagiga gul qoʻyib, el-yurt tinchligi va Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan gʻijduvonliklar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Yakunda esa nuroniy faxriylar ishtirokida dasturxon atrofida samimiy suhbat tashkil qilindi.
Bunday maʼnaviy-maʼrifiy vatanparvarlik tadbirlari yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga hurmat, yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









