Buxoro tumani: “Qumsulton” cho‘l massivida zamonaviy agrotexnologiya asosida paxta yetishtirilаdi
2026-05-08 09:55:00 / Yangiliklar

Keyingi yillarda “Qumsulton” cho‘l massisividagi “Uch Qarag‘ay” MChJ paxtachilik klasteri dalasida ilg‘or texnologiya asosida chigit ekib, sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirish tajribasi puxta o‘zlashtirilmoqda. Bunda erta bahorda yer tayyorlab, urug‘ni plyonka ostida va ochiq maydonda ekish texnologiyasi, agrotexnik talablar, texnikalardan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.
Joriy mavsumda tumanda paxtachilik tarmog‘idagi 239 ta fermer xo‘jaligida 7 ming 200 gektar maydonga chigit ekib, parvarishi boshlangan bo‘lsa, shundan 2 ming 800 gektarda chigit Xitoy texnologiyasi asosida qadaldi. Hozirda 3 ming 800 gektar maydonda plyonka ostida chigit ekilib, agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda.
“Uch Qarag‘ay” MChJ paxtachilik klasteri va xitoylik investor Liu Xin Juang o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida tumanning cho‘l hududida jami 2 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich o‘zlashtirishga kirishilgan. Loyiha doirasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, tomchilab sug‘orish tizimlarini keng tatbiq qilish hamda yuqori hosildorlikka erishish ko‘zda tutilgan. Ayni kunda cho‘lda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida paxta yetishtirishga jadal kirishilgan. Hozirda undirib olingan chigit agrotexnik parvarishlanmoqda.
O‘tgan yili “Novmetan” va “Kunjiqal’a” mahallalaridagi “Qumsulton” cho‘l kengliklarida sinov tariqasida 350 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, ijobiy natijalarga erishilgan. Bu tajriba suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, yer meliorativ holatini yaxshilashda o‘z samarasini bermoqda. Shu kunlarda klaster hududidagi ekin yerlarini sug‘orish agrotexnik tadbirlari, suvdan oqilona foydalanib, hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Xitoylik investorlar hamkorligidagi bu loyiha cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishda dolzarb ahamiyatga ega.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









