Olotda mahalla kutubxonasi ochildi
2026-05-07 20:20:00 / Yangiliklar

Mazkur maskanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, tuman hokimi Nargiza Neʼmatova, mahalla faollari, hudud yoshlari ishtirok etdilar.
—Kutubxona azaldan ilm-maʼrifat maskani boʻlib kelgan,—deydi kutubxona tashabbuskorlaridan biri, shu mahallada yashovchi Shaxnoza Navroʻzova.—Mahallamiz markazida qad rostlagan yangi kutubxona Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi hamkorligida barpo etildi. Loyiha doirasida 650 million soʻm mablagʻ ajratilib, zamonaviy talablarga javob beradigan, qulay, keng imkoniyatlarga ega maskan bunyod etildi. Bu yerda bolalar va yoshlar uchun alohida oʻquv zallari, zarur kitob fondiga ega, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan xonalar tashkil etildi.
Mahallada tashkil qilingan “Navroʻz” kutubxonasi allaqachon bolalar va yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Bu yerda yoshlar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazib, kitob mutolaasi bilan shugʻullanmoqdalar.
Tadbirda kutubxona ramziy alvon lentasi qirqilgach, yigʻilganlar maskanda yaratilgan shart-sharoit, kitob fondi bilan yaqindan tanishdilar. Mahalla yoshlari bilan samimiy kechgan muloqotda bir guruh yosh isteʼdod egalariga respublika Yoshlar ishlari agentligi direktori tomonidan “Ibrat Academy”ning oltin kartochkalari sovgʻa qilindi.
Uchrashuv yakunida navqiron avlod vakillarini ragʻbatlantirish maqsadida Alisher Saʼdullayev tomonidan olotlik bir guruh faol oʻgʻil-qizlarga Toshkent shahriga bir haftalik sayohat va dam olish yoʻllanmasi tortiq qilingani yoshlar qalbida unutilmas, quvonchli voqea boʻldi.
Shu kunlarda ziyo maskanida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Muhimi, mahallada maʼnaviy muhitni mustahkamlash, kitobxonlikni targʻib etish va yosh avlod uchun munosib sharoit yaratishga qaratilgan bunday loyihalar yurtimizda inson qadri ulugʻlanayotgani, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga davlat siyosati darajasida qaralayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









