Romitan: “O‘zbakon”da oilaviy mebelsozlar hunarmandchiligi rivojlanmoqda
2026-05-07 15:25:00 / Yangiliklar

Bunda “Milliy bank” viloyat filialidan ajratilgan 100 million so‘m kredit mablag‘i asqotdi va bu sarmoyaga kichik korxona uchun zarur uskuna va dastgoh Xitoydan olib kelindi. Dastlab oshxona mebellari tayyorlashdan boshlangan jarayonga qiziquvchilar, buyurtmachilar ko‘payib qoldi. Ma’rufjonning ustaxonasida yumshoq mebellarning ko‘plab turlarini bejirim yasab, xaridorlarga manzur etishga erishilmoqda. Buyurtma soni oshgani sayin xonadon sohibi yoniga turmush o‘rtog‘i Dilnoza Mirjonova qo‘shildi. Samarqand Davlat universiteti arxitektura fakultetida sirtdan o‘qiyotgan o‘g‘li Baxtiyorjon, Buxoro Davlat universiteti fizika-matematika yo‘nalishi magistri Dildoraxonlar ham bo‘sh soatlarini sexda o‘tkazadigan bo‘lishdi.
Avvaliga aholi buyurtmalari bilan ishlayotgan mebelsozlar keyin korxona, tashkilot, savdo rastalari, maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan ham buyurtmalar olib, mijozlar ishonchini oqlashga harakat qildilar. Hatto, Gazlida yashovchi aholi, ba’zi maktab, bog‘chalar mazkur mebelsoz oila doimiy mijoziga aylanishdi. Qo‘shni Peshko‘, Buxoro tumanlaridan yumshoq va qattiq mahsulotga talabgorlar ko‘paydi.
Mahsulot sifatli, bejirim, chidamli bo‘lsa, xaridori ham ko‘payib boraveradi. Qozoqov oilasi mebelsozlari tayyorlayotgan mebellar turi qariyb 30 xilga yetkazilgani harakat va izlanish mahsuli, albatta. Endi oilaviy tadbirkorlar o‘z hunar sirlarini yoshlarga ham o‘rgatishga, shogirdlar tayyorlashga bel bog‘ladilar.
Bu jarayonda mahalladagi 19-sonli umumta’lim maktabining yuqori sinf yigitlari bo‘sh payti, ta’til kunlarini shu sexda o‘tkazishayotgani ham bejiz emas. Qo‘ni-qo‘shni aytishicha, ba’zan o‘nlab uskuna va anjom ovozi butun qishloqni tutadi. Muhimi, o‘zbakonliklar qishloqlarida shunday hunarmand, mebel ustaxonasi borligidan faxrlanishadi.
Sexning yuqorisidagi binoda tayyor mebellar chiroyli terib qo‘yilgani ko‘zni quvontiradi. Mahalliy mahsulotning chet elda tayyorlangan xilidan hech kam joyi yo‘q. Ustaxona ishiga kirishib, boshida yarashiqli kepka kiyib olgan Dilnozaxon Mirjonova turmush o‘rtog‘i Ma’rufjon Qozoqov bilan bab-baravar harakat qiladi. Mebelsozlarni bugun yangi izlanish va rejalar bezovta qilmoqda. Ular zamonaviy eshik, derazalar tayyorlash uchun zarur dastgoh, uskunalar xarid qilib, faoliyatini, moddiy manfaatdorligini oshirish taraddudida. O‘zbakonda allamahalgacha stanok, uskunalar ovozi jaranglaydi, demak yangi buyurtmalar tayyorlanyapti.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








