Shofikon: bemorda son suyagi endoprotezlash amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi
2026-05-07 14:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, son suyagi bo‘yin qismi sinishi, ayniqsa, yoshi katta bemorlarda og‘ir kechadigan jarohatlardan biri hisoblanadi. Bunday holat bemorning mustaqil harakatlanish qobiliyatini keskin cheklab qo‘yadi, kuchli og‘riqlarni keltirib chiqaradi hamda vaqtida samarali jarrohlik muolajasi o‘tkazilmasa, turli asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, bemorda zamonaviy tibbiyotning samarali usullaridan biri — total endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi. Bu jarrohlik amaliyotida shikastlangan bo‘g‘in maxsus sun’iy protez bilan almashtiriladi. Bu esa bemorning qisqa muddat ichida oyoqqa turishi, erkin harakatlanish imkoniyatining tiklanishi, og‘riqlarning kamayishi va hayot sifati sezilarli darajada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur murakkab amaliyot respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialidan taklif qilingan malakali mutaxassis Abdulla Hafizov, shuningdek, tuman travmatologlari Nodir Umarov, Abror Ashurov, Umarbek Nurillaevlar hamkorligida yuqori professional darajada amalga oshirildi.
Bunday ilg‘or uslubdagi, murakkab jarrohlik amaliyotini tuman sharoitida tashkil etish, zarur tibbiy jihozlar, shart-sharoit va tashkiliy masalalarni to‘liq ta’minlashda Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Aziz Nosirovning xizmatlari ham e’tirofga loyiq. Uning sohani rivojlantirish, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lidagi dadil ishlari o‘z samarasini bermoqda.
Bu kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari mahalliy sharoitda o‘tkazilayotgani bemorlarda uzoq masofalarga qatnamasdan, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va inson salomatligini asrash, hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





