Shofirkon: “Yoshlar markazi” zamonaviy inshooti foydalanishga topshirildi
2026-05-07 13:45:00 / Yangiliklar

Shofirkon tumani hokimi qaroriga muvofiq, 2025-yil yoz oylaridan hududda yoshlar uchun zamonaviy infratuzilma yaratish, ular boshini qovushtirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman markaziy o‘yingohi va Davlat xizmatlari markazi binosi yonidan alohida yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari boshlanganiga ko‘p bo‘lmadi.
—Mazkur “Yoshlar markazi” inshootini qurish tashabbusi “Open budjet” umummilliy loyihasi asosida amalga oshirilib, bu borada o‘tgan yili 1,5 milliard so‘m mablag‘ yutib olingan,—deydi Yoshlar ishlari agentligi Shofirkon tumani bo‘limi boshlig‘i Suxrob Abdullaev. —2025-yil sentabr oyidan mazkur 7 sotix yer maydonida boshlangan qurilish ishlari mahalliy pudratchi “Gulistonobod qurilish gold servis” MChJ tomonidan olib borildi.
Loyihaga binoan, “Yoshlar markazi”da zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish, texnikaga qiziquvchi navqiron avlod uchun robototexnika, 2 mingdan oshiq kitob fondiga ega “book kafe”— kitob mutolaasi, sportsevarlar uchun shaxmat-shashka, stol tennisi to‘garaklari, shuningdek, yosh bilimdonlarning “Zakovat klubi” kurslari tashkil etilishi ko‘zlangan. Mazkur bino va majmualarda yaratilayotgan shart-sharoit yoshlarning innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu maskandagi faoliyat esa mazkur binoda ish olib boradigan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Bor kuch va imkoniyat mazkur markazni sifatli va qisqa muddatda foydalanishga topshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli edi va kuni kecha markaz rasman yoshlar ixtiyoriga toppshirildi. Inshootni foydalanishga topshirish tadbirida respublika Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullaev, shuningdek, viloyat va tuman mutasaddilari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar navqiron avlod vakillarini zamonaviy yangi inshoot bilan samimiy muborakbod etib, ular tashvish, muammolarini o‘rganish va hal qilish, ertamiz egalarining iste’dodi va iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni mustaqil hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil qilingan markaz faoliyatiga ishonch bildirdilar.
—Bugunga kelib Shofirkon tumanida 30 yoshgacha bo‘lgan yosh yigit-qiz soni 89 ming 422 nafarga yetgan bo‘lsa, shundan 14-30 yoshlar oralig‘idagi yoshlar soni 43 ming 487 nafarni tashkil qilmoqda,—deydi tuman hokimi Mo‘min Amonov.—Xalq ta’limi tizimida hududda 56 ta umumta’lim maktabi, 2 ta texnikum, kollej va kasb-hunar muassasasi, shuningdek, 3- va 9-sonli musiqa maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktabi, qolaversa, “Kelajak” bolalar markazi faoliyatini olib bormoqda. Shu kunga qadar moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritib kelgan markaz endilikda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘sib kelayotgan avlodni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladilan gavjum maskanga aylanadi.
Alvon lenta qirqilgach, yig‘ilganlar markazda yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar. Albatta, ertamiz egalari kamoloti yo‘lida chekka tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi yangilanish endilikda agentlik tuman bo‘limi faoliyatida ham namoyon bo‘lishi, yoshlar ishlari bilan ishlash tizimi yanada samaradorlik kasb etishi lozimligi e’tirof etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









