Buxoroda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi
2026-05-06 18:40:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan samimiy va doʻstona ruhda kechgan muloqotda mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar, jumladan, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini jadallashtirish, IT, sunʼiy intellekt va kichik biznes sohalarini qoʻllab-quvvatlash hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va ustuvor yoʻnalishlarda yangi zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Suhbat chogʻida qoʻshma loyihalarni amalga oshirilishi va yaqin kelajakda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, tomonlar Yaponiya texnologiyalarini jalb etgan holda iqtisodiy ahamiyatga ega yirik loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni rivojlantirib, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Xususan, “yashil texnologiyalar” sohasida investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Yaponiya hukumati tomonidan 2050-yilga borib ugleroddan energiya manbai sifatida foydalanishdan umuman voz kechish boʻyicha vazifa belgilangani inobatga olinsa, bu masala juda dolzarb ekani oydinlashadi.
Shuningdek, muloqot davomida hozirgi vaqtda amalga oshirish bosqichida boʻlgan quyosh energetikasi, ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalar bilan bogʻliq amaliy jihatlarga ham urgʻu berildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklik (DXSH) dasturlari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash hamda belgilangan maqsadlarga erishishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









