Botir Zaripov Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi prezidenti Qodir Oʻzkaya bilan uchrashdi
2026-05-06 18:25:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida mehmonlar viloyat hokimligida boʻlib, viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashishdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya – bu nafaqat strategik hamkor davlatlar, shu bilan birga, asrlar davomida sinovdan oʻtgan mushtarak tarix, madaniyat va, eng muhimi, qardoshlik rishtalari bilan bogʻlangan xalqlar ekani qayd etildi. Bugun bu birodarlik har jihatdan yangi mazmun va yangi ruh bilan boyib bormoqda.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari mutlaqo yangi – strategik sheriklik va oliy darajadagi ishonch bosqichiga koʻtarildi. Bu saʼy-harakatlar nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohalarda, balki huquqiy davlatchilik va konstitutsiyaviy taraqqiyot yoʻlida ham oʻz samarasini koʻrsatmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar Buxoro viloyatida ham rivojlanishning yangidan yangi istiqbollarini ochib berayotgani alohida taʼkidlandi.
Eʼtirof etilganidek, hududda investitsiyaviy muhit kun sayin yaxshilanib, yirik infratuzilma loyihalari ruyobga chiqarilyapti. Qishloq xoʻjaligi, qurilish, sanoat va ishlab chiqarish sohalari eng zamonaviy texnologiyalarga asoslanlangan holda taraqqiy topmoqda. Ilm-fan, madaniyat, sogʻliqni saqlash hamda turizm sohalari jadal surʼatlarda rivojlanib boryapti.
Oʻz navbatida Qodir Oʻzkaya samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirarkan, Buxoro azaldan ilm-fan, madaniyat va savdo markazlaridan biri boʻlib kelganligini tilga oldi. Shariflik maqomiga ega shaharlardan biri boʻlgan Buxoro oʻzining boy madaniy va meʼmoriy yodgorliklari, tabarruk maskanlari bilan mashhur ekanligini eʼtirof etdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Buxoroning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilishdi. Koʻhna kentning osori-atiqalari, tarixi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









