Olot: qo‘ziqorin yetishtirishdan 50 kunda 70 million so‘m daromad...
2026-05-06 16:00:00 / Yangiliklar
Uy xo‘jaligida daromad olishning turli yo‘llari mavjud, ba’zi tajribalar shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladiki, ular o‘ziga xos daromad manbaiga aylanadi. Jumladan, qo‘ziqorin yetishtirish xonadon uchun moddiy manfaatdorlik omili. Olot tumani “Bo‘ribog‘i Chandir” mahallasida yashovchi Muslim Avezov oilasi bu ishni amalda muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Avezov xonadonida atigi 20 kvadrat metrdan iborat xonada 250 qopcha qo‘ziqorin parvarishlanmoqda. Garchi, bu ish murakkab tuyulsada, ularning mehnati tez samara berishi, yetilganidan keyin har kuni 30 kilogram atrofida qo‘ziqorin hosili yig‘ib-terib olinayotgani maqsadga muvofiq.
Oila mirishkorlari bu ishni boshlash uchun 5 million so‘m sarmoya sarflashgan. Qo‘ziqorin uchun mahalliy iqlimga mos serhosil va iste’molga xavfsiz “Veshenka” navli sifatli urug‘ Buxoro shahridagi ishonchli manbalardan topilgan. Bugunga kelib xonadonda 250 ta qopchada qo‘ziqorin yetishtirilayotgan bo‘lsa, har bir qopdan o‘rtacha 8-10 kilogram atrofida hosil olish ko‘zlangan.
Umumiy hisobda bu 2,5 tonnadan oshiq hosil degani. Bir kilogram qo‘ziqorin bozor narxi 30 ming so‘mgacha sotilayotgan bo‘lsa, bir mavsumdagi qo‘ziqorin yetishtirishdan 70 million so‘mdan oshirib moddiy manfaatdorlikka erishish imkoni bor.
Tashabbuskor Muslim Avezovning bilidirishicha, qo‘ziqorin yetishtirish agrotexnikasi oson, parvarishlash jarayoni juda sodda bo‘lib, “qopcha”larga kuniga ikki marta suv sepiladi va xona harorati barqaror saqlanadi. Qorong‘i, salqin xonada yetishtirilayotgan, polietilen qopchalarni yorib chiqib bo‘y ko‘rsatayotgan qo‘ziqorindan bir yilgi mavsumda o‘rtacha 4-5 marta hosil yetishtirish, bundan mehnatga yarasha foyda ko‘rish mumkin. Deylik, 20 sotixli xonada boshlangan “vishenka” naviga mansub qo‘ziqorin yetishtirishdan xomaki mo‘ljalga binoan 70 million so‘mga yetkazib daromad olish tajribada sinalgan.
Qo‘ziqorin immunitet va aqliy qobiliyatni mustahkamlashga, qalqonsimon bezning normal faoliyatiga yordamlashadi. Qo‘ziqorin tarkibidagi “PP” vitamini odam organizmini har xil kasalliklardan himoya qiladi. Ulardagi letsetin moddasi tomirlarni tozalash va xolesterinni kamaytirishga yordam beradi, aterosklerozning oldini oladi. Tanada radioaktiv moddalarni to‘plamaydi, aksincha, ularni organizmdan chiqaradi. Bu mahsulotdan saraton va boshqa kasalliklarni davolashda ham foydalaniladi.
Avezov xonadoni kabi uy sharoitida qo‘ziqorin yetishtirish nafaqat oilaviy byudjetni oshiradi, balki tadbirkorlikni rivojlantirishga ham imkon yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







