Romitan: tomorqadan olinayotgan 1,5 tonna pomidor, yana shuncha kartoshka hosili—ro‘zg‘or qut-barakasi
2026-05-06 09:45:00 / Yangiliklar

Hududdagi ishsiz, kam daromadli, migratsiyadan qaytgan yoshlarga unumdor va aholi yashash maskaniga yaqin joylardan 10 sotixdan 30 sotixgacha yer maydoni ajratib berilgani “Bir hudud—bir mahsulot” tamoyili asosida yoshlarga ishlab, oila moddiy manfaatdorligini oshirish imkonini bermoqda.
Gap tomorqa madaniyatini shakllantirish xususida borarkan, tumanda qariyb 33 mingta xonadon o‘z tomorqa yeriga ega bo‘lib, hozirda ular ixtiyoridagi 3 ming 681 gektarni tashkil etgan tomorqa yerida borayotgan dala dehqonchilik ishlari ham e’tirof joiz. Hududdagi 3,5 mingga yaqin xonadonda esa 2-5 sotixli issiqxona xo‘jaligi bo‘lib, ulardagi jami 12 gektardan oshiq ekin yerida sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Poyjo‘y mahallasida Norgul Hamroeva singari saranjom-sarishta, tomorqasini obod qilib, mo‘l hosil yetishtirayotgan fidoyilar oz emas. Xonadon sohibasi gulni yaxshi ko‘radi. Qaerga borsa nafis, anvoyi gul ko‘rdimi, albatta olib kelib, tomorqasida ekib, o‘stirishga intiladi, urug‘ini qidirib yuradi.
Norgul Hamroeva hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida dastlab 33 million so‘m kredit mablag‘ini olib, hovlisida mo‘jaz issiqxona tashkil etganida, yiliga kamida ikki marta hosil yetishtirishni diliga tukkan. Bu 3 sotixdan iborat issiqxonada qishki mavsumgacha hech qanday yonilg‘i sarflamay turib pomidor, bulg‘or qalampiri, yana ismaloq, sarimsoqpiyoz, ko‘katlar yetishtirishning uddasidan chiqmoqda.
— Bu pomidor ko‘chatlari 21 mart kuni o‘tqazilgan, 90 kunda tayyor bo‘ladi,—deydi Norgul Hamroeva.—Pishib yetilsa, hosilni yig‘ishtirib olib, sentyabr-oktyabr oylariga borib bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini o‘tqazamiz. Bir mavsumda 1,5 tonna atrofida pomidor, yana shuncha bulg‘or qalampiri yetishtirib, sotib daromadga ega bo‘lamiz.
Xonadonda uch o‘g‘il va uch kelin mehnati bilan bugun issiqxona yerida pomidor ko‘chatlari hosilga kirgan. Turmush o‘rtog‘i Juma Mirzaev bilan esa Norgul opa farzandlariga yaqin ko‘makchi, ro‘zg‘orni yashnatib qo‘yishgan. Hovlidagi tomorqaning 4 sotixdan kengroq qismida yetishtirilayotgan kartoshkadan ham mo‘l hosil ko‘zlanmoqda. Taxminan 1,5 tonna atrofidagi hosil ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad, albatta.
Xullas, Norgul Hamroeva hamda uning ibratli xonadoniga bugun mahalladoshlar havas bilan qarashlari bejiz emas. Zero, bu halol mehnat, intilish evaziga erishilayotgan farovonlikdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









