Kogon: “Beklar” mahallasi va 9-sonli maktabda yangilanish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda
2026-05-05 16:35:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mahalliy aholi murojaatlari, jamoatchilik vakillari fikrlaridan kelib chiqib ro‘yobga chiqarilayotgan bu loyihalar Kogon tumanida ham bir necha mahalla va qishloqda izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Zero, har bir loyiha mahalla hayoti va xonadonlarga qulaylik olib kirmoqda.

"Beklar" mahallasida bugunga kelib 1146 ta xonadonda jami 4100 nafardan ziyod aholi vakili istiqomat qilmoqda. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, muhandislik kommunikasiya tarmoqlari shayligini oshirish maqsadida mahallada keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash va ular sifatini yaxshilash, ichimlik suvi hamda elektr energiyasi ta’minotini barqarorlashtirish bo‘yicha aniq reja asosida kompleks chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Jumladan, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi loyihasi doirasida mahallaning 11 ming metrdan ortiq ichki yo‘lini ta’mirlash va asfaltlashtirish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Hozirda yo‘lsozlik tashkilotlari tomonidan maxsus texnika vositalari jalb etilgan holda yo‘llar tekislanib, sifatli asfalt qoplamasi yotqizilayotgani ko‘chada transport va piyodalar uchun qulay, xavfsiz muhit yaratilayotgani ifodasidir.
Shu bilan birga, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida hududda 6 ta yangi transformator punkti o‘rnatilib, umumiy uzunligi 40 ming metrdan ortiq elektr uzatish havo liniyasini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y harakat energiya ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish, kuchlanish barqarorligini ta’minlash, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida mahalladan oqib o‘tuvchi ariqning 3,5 ming metr qismi o‘zanini betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilgan. Natijada suv o‘tkazuvchanligi yaxshilanib, suvning isrof bo‘lishi oldi olinmoqda va qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini barqaror sug‘orish imkoniyati kengaymoqda.
Umuman, Beklar mahallasida amalga oshirilayotgan mazkur infratuzilmaviy loyihalar hududni kompleks rivojlantirish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, qulay muhit yaratishga qaratilgan bo‘lib, ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
Bundan tashqari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi muassasalar qatorida “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida 9-sonli umumta’lim maktabida ham ko‘pdan kutilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Jumladan, “Ziyo Shaxriyor qurilish” MChJ ishchi-mutaxassislari tomonidan muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv xonalari va yordamchi binolarni zamonaviy standartlar asosida rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ta’lim maskanida elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti tizimlari to‘liq yangilanib, zamonaviy va xavfsiz infratuzilmani yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Ayni kunda ta’lim muassasasi hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, o‘quvchilar uchun qulay harakatlanish maydonlarini tashkil etish ishlari ham izchil olib borilmoqda.
|Viloyat hokimligi matbuot xizmati









