Romitan: "Iftixor javohiri" chorva xo‘jaligi ham imkoniyatlarini oshirmoqda
2026-05-04 20:05:00 / Yangiliklar

Ma’lumotlardan ko‘rinishicha, ayni kunda tumandagi barcha toifa xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan qoramol soni 142500 boshdan oshirilgan bo‘lib, shundan 21545 boshdan oshiq qooramol fermer xo‘jaliklarida, 115200 boshdan ziyod chorva moli dehqon xo‘jaliklarida boqilib, aholi dasturxoni to‘kinligini, bozor va savdo rastalarida sarxil go‘sht va sut mahsulotlari serobligini ta’minlashda munosib hissasini qo‘shmoqda.
Tumanda barcha toifadagi xo‘jaliklarda pavarishlanayotgan sigir soni hozirda 42859 boshga yetkazilgan bo‘lib, shundan fermer xo‘jaliklarida 7174 bosh, dehqon xo‘jaliklarida esa 33830 boshdan oshiq qoramol boqilmoqda. Ayni paytda tumanda yillik sut tayyorlash salmog‘i 22 215 tonnani tashkil etayotgan bo‘lib, shundan 3754 tonna fermer xo‘jaliklari, 17679 tonna sut dehqon xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
“Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Odil Kibriyoev boshliq "Iftixor javohiri" chorvachilikka ixtisoslashtirilgan naslli qoramollar fermer xo‘jaligida ham faoliyat rivoj topmoqda. Xo‘jalikda tajribali chorvador Odil aka Kibriyoyev boshchiligida 50 bosh Rossiyadan keltirilgan naslli qoramol parvarishlanmoqda.
"Chyorniy pyostir" zotiga mansub bu chorva mollari sut yetishtirishni ko‘paytirish yo‘nalishida parvarish qilinmoqda. Har bir sigirdan kuniga 30 litrdan ziyod sut sog‘ib olinmoqda. Fermer xo‘jaligida kuniga 1 tonnadan ortiq sut yetishtirilayotgan bo‘lsa, mahsulot hududdagi sutni qayta ishlash korxonalariga yetkazilmoqda.
Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Yashin Rajabovning aytishicha, ayni paytda tumanda naslli qoramollarni ko‘paytirish, ular mahsuldorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Xuddi shunday "Hamro To‘xta", “Hamroobod" va boshqa chorvachilikka ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklarda ham naslli mollar sonini ko‘paytirish orqali ish hajmi hamda moddiy manfaatdorlikni oshirish imkoniyatlari izlanmoqda.
— Bu kabi chorva xo‘jaliklari yaqin yillarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan 1 ming boshdan oshiq nasldor qoramollar olib kelishni ko‘zlab turibdi. Bizning vazifamiz esa chorva mollari orasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, ekzotik-epidemik vaziyatni saqlash, 13 xil kasalliklarga qarshi emlash ishlarini olib borishdir,—deydi Yashin Rajabov.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




