Romitan: Mirzaevlar xonadonida ham mehnatdan baraka topishmoqda
2026-05-02 18:10:00 / Yangiliklar
Mehnatni zimmasiga olgan, izlanishda, harakatda bo‘lganlar xonadonida xazina bisyor. Romitan tumanining Poyjo‘y mahallasidagi Juma Mirzaev va Norgul Hamroevalar ana shu “xazina”ni mehnatlari evaziga yaratmoqdalar.

Ularning oilasi gavjum, ro‘zg‘ori katta. Bunda voyaga yetgan uch o‘g‘il, shuningdek, uch kelin, 8 nafar nevara fayzli dasturxon atrofida yig‘iladilar. Dasturxon to‘kin, oila tinch. Sababi oilada kattalarning o‘z kasb-koridan tashqari uyda o‘z xizmati, mashg‘uloti bor. Juma aka va uning farzandlari turli sohada ishlashlariga qaramasdan, bo‘sh paytlarida ro‘zg‘or yumushlarida ko‘maklashadilar.
Oila sohibasi Norgul Hamroeva esa hali voyaga yetmagan sakkiz nevarasi ta’lim-tarbiyasidan ortib, o‘g‘illari va kelinlarini tomorqa va og‘ilxonadagi mehnatga chorlaydi.
Bu xonadonda chorvachilikka mehr qo‘yilgan. Sigirlar suti qatiq, qaymog‘u sariyoqqa aylanib, ro‘zg‘orga baraka kiritsa, bo‘rdoqiga boqilayotgan qoramol, qolaversa, qirqdan ortiq tovuq yaxshi parvarishdan, kunlar isishi bilan tuxumga kirgan, hatto qo‘ni-qo‘shni ham bundan bahramand bo‘lmoqda.
Xonadonda nevaralarning ham o‘z “ermagi” bor, ular quyon boqib ko‘paytirish bilan ovora. Parhezbop go‘shti mazali va xushxo‘r. Qo‘radagi qo‘y-echkilar esa erta bahorda ikki, uchtalab qo‘zichoq bergani ham astoydil parvarish va mehnat mahsuli.
Oila ro‘zg‘ori katta bo‘lmasin, to‘kinlikni o‘zlari ta’minlaydilar. Mirishkor xonadonning asosiy tamoyili, bunda kimdandir qarz so‘rab yashamaydilar, aksincha kimlargadir ilinadilar.
— Ba’zida kelinlarim hali bog‘cha yoshidagi besh nevaramni menga tashlab, ro‘zg‘or yumushlariga unnab ketishadi. Ularni uxlatishim bilan kelinlarga yordamga shoshilaman,—deydi Norgul Hamroeva.
U kishi suhbatidan zavqlanib, xonadondagi xazina mehrda, ishonchda ekanini anglaymiz.
—Qanchalik oddiy, samimiy bo‘lishmasin, bu oiladagi inoqlik, mehnatsevarlikni mahalladagilarga ibrat qilib ko‘rsatamiz,—deydi Poyjo’ydagi hokim yordamchisi Feruz Latipov.— Juma Mirzaev va Norgul Hamroevalar uy xo‘jaligidagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishda ilg‘or.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




