Kogon: “Yangi hayot” mahallasi ichki yo‘llari asfaltlashtirilmoqda
2026-05-02 12:20:00 / Yangiliklar

Birgina Kogon tumanining “Yangi hayot” MFYda o‘tgan yili Qo‘lto‘pi, Sheyhon, Qizil olma qishloqlarida ichki yo‘lning 2,7 ming metr qismi, shuningdek, “Tuniroq” MFY, Nishovur qishlog‘i yo‘lini asfaltlashtirishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Endilikda xuddi shu mahallaning ta’mirga muhtoj boshqa yo‘llarini asfaltlashtirish ham "Amirbek gold way service" MChJ yo‘lsozlariga ishonib topshirilgan. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2021 yil 18 sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Mexanizatsiyalashgan pudratchi yo‘lsozlar tomonidan Yangi hayot mahallasining 8,5 ming metrga teng ichki yo‘liga bosqichma-bosqich asfalt yotqizish ishlari jadal olib borilmoqda. Bugunga kelib qayta ta’mirlanayotgan bu yo‘lda korxona ishchi-mutaxassislari sa’y-harakati tufayli avtotransport vositalari va yo‘lovchilarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlanmoqda.
O‘tgan yili tumanda “4R-65" va “4R-63” rusumli “Azizobod—Kogon" avtomobil yo‘lining ham 1,5 kilometr qismida asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari bajarilgan.
Albatta, bu kabi loyihalar yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport harakatini tartibga solish, aholining kundalik qatnovi uchun qulaylik yaratish va hududning logistika imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









