Romitan: “Poyjo‘y”da 330 o‘rinli zamonaviy maktab qurilishi boshlandi
2026-05-02 10:50:00 / Yangiliklar
Yashirishga hojat yo‘q, yaqin-yaqingacha Poyjo‘y Romitan tumanining olis va og‘ir tumanlaridan biri edi. Hududdagi Yuqori Poyjo‘y, Quyi Poyjo‘y, O‘zbakon, Qalibolo qishloqlarini o‘zida birlashtirgan mahalla fuqarolar yig‘inida bugunga kelib 4 mingdan oshiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududda qator yangilanish va o‘zgarishlar yuz bergani quvonarli, albatta.

Avvalo, tibbiy xizmatni yuksaltirish maqsadida poyjo‘yliklar uchun tibbiyot punkti talab darajasida bunyod qilinib, mahalla ma’muriy binosi qurib foydalanishga topshirildi. Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan “Poyjo‘y”, “Qalibolo” qishloqlarining 2 ming metrga yaqin ichki xo‘jalik yo‘li asfaltlashtirildi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 2 ta transformator va 2,2 ming metr havo liniyasi joriy ta’mirlandi.
Tuman gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 1 ming 250 metr gaz quvuri tarmog‘i ta’mirdan chiqarilib, 3 ta gaz taqsimlash punkti texnik taftishdan o‘tkazildi. Tuman suv ta’minoti korxonasi tomonidan mahallada 10,6 ming metrga toza ichimlik suvi quvuri tortilib, poyjo‘yliklar iste’molga yaroqli “obi hayot”dan bahramand bo‘ldilar.
Ayni kunda mahalla aholisi uchun yana bir inshoot qurilishi jadal boshlangan. Gap shundaki, Poyjo‘y mahallasida 700 nafarga yaqin maktab yoshidagi o‘g‘il-qiz bo‘lsa, ular uchun shu kunga qadar bir necha chaqirim uzoqdagi 19-sonli umumta’lim maktabi xizmat ko‘rsatib kelgan. Nihoyat, bu yilda farzandlarining maktabdan sog‘-omon qaytishini ilhaq kutadigan ota-onalarning orzulari amalga oshmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida mahalla bolalari uchun yangi ta’lim maskani qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ayni chog‘da yangi maktab binosi o‘quv korpusi, sport inshooti, oshxona, ustaxona binolari poydevori qo‘yilmoqda. Bu ishda "Bobur Azamat Temur" mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari ishni shiddat bilan olib bormoqdalar.
— Qurilish inshootida 50 nafar ishchi-mutaxassis ishtirok etmoqda. Beton quyuvchi, duradgor, payvandlovchi va boshqalarning ish sifati unumdorligi kundalik nazorat qilinmoqda. Ular uchun mehnat xavfsizligi va barcha shart-sharoit yaratib berilgan,—deydi ish yurituvchi Temir Ikromov.
— Avval katta magistral yo‘l bo‘ylab bolalarning qatnovi ota-onalarni xavotirga solardi. Bugun esa bu yangilik, mahallamizda zamonaviy andoza asosida uch qavatli maktab qurilayotganidan barcha xursand,—deydi Poyjo‘y mahallasi xotin-qizlar faoli Roziya Rahimova.
Qiymati 11 milliard so‘mga moliyalashtirilgan mazkur 330 o‘rinli ta’lim inshooti poyjo‘yliklarga Mustaqillik bayrami armug‘oni bo‘ladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






