Kogon: O‘bacho‘lida Manzura Odilova singari tomorqa mirishkorlari bor
2026-05-01 11:40:00 / Yangiliklar

Xususan, 5 sotix maydonda issiqxona barpo etilib, unda yilning to‘rt faslida mahsulot yetishtirilmoqda. Erta bahor kunlaridan ko‘chat o‘tqazib parvarishi boshlangan pomidor va bulg‘or qalampiri yetilish arafasida. Issiqxona sharoitida ekin va hosilni erta yetishtirish, vegetatsiya davrini uzaytirish va mahsulot sifatini oshirish imkoniyati bor.
Shu bilan birga, hovlidagi ekin yerining qolgan 5 sotixli qismida, ochiq yerda kartoshka va baqlajon parvarish qilinmoqda. Plyonka ostida yetishtirilayotgan pomidor va bulg‘or qalampiri har biridan 1,5 tonna atrofida hosil olinsa, ro‘zg‘orga zarur kartoshka va baqlajondan yana 2 tonnadan oshirib mahsulot jamg‘arishga yaqin turishibdi.
—Erda uch-to‘rt marta hosil yetishtirish oson ish emas, yer tayyorlashga bor kuchimizni beramiz. Tuproqni mahalliy va mineral o‘g‘itga to‘yintirib, o‘z vaqtida sug‘orish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash, dorilash, qolaversa, begona o‘tdan tozalash ishlariga e’tibor qaratib, o‘zimiz ko‘zlagan hosil va daromadga erishmoqdamiz,—deydi Manzura Odilova.—Birgina joriy yil birinchi yarmida tomorqa yerimizdan 70 million so‘mga yetkazib daromad ko‘rishni hisob-kitob qilganmiz.
Shu o‘rinda ba’zi tahliliy ma’lumotlarga to‘xtalsak, Kogon tumanida joriy dehqonchilik yilida o‘z tomorqasiga ega bo‘lgan jami 20 ming 928 ta xonadonning 2 ming 122 gektardan iborat ekin yerida 239 gektarda kartoshka, umumiy hisobda 1 ming 168 gektarda pomidor, bodring, karam, piyoz, sabzi, bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsuloti, 53 gektarda qovun, tarvuz, qovoq va boshqa poliz mahsuloti, 84 gektarda loviya kabi moyli ekinlar yetishtirishga kirishilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







