Romitan: buyrak transplantatsiyasiga doir jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
2026-04-29 21:30:00 / Yangiliklar
Haqiqatda bunday amaliyot yaqin yillargacha viloyatda amalga oshirilmas edi. 2018-yilda Toshkent shahridagi akademik Vosid Vohidov nomidagi ilmiy-tibbiyot markazida mazkur murakkab operatsiyaga dadil qo‘l urilgan bo‘lsa, 2022-yildan keyin bu turdagi tibbiy jarrohlik amaliyoti viloyatlarda muntazam o‘tkazidadigan bo‘ldi.

Tibbiyotga qaratilayotgan e’tibor va moddiy-texnik imkoniyatlarning oshirilgani tufayli Romitan tumani, O‘ba mahallasi Soqijon qishlog‘ida yashovchi, 1-guruh nogironi O‘ktam Toshovni anchadan beri qiynab kelgan buyrak yetishmovchiligi xastaligiga chek qo‘yildi. Anchadan beri viloyat va hatto respublika shifoxonalarida yotib davolanib kelayotgan bemor tuman tibbiyot birlashmasida shifo topmoqda.
Akademik Vosid Vohidov ilmiy-amaliy markazining buyrak trasplantatsiya va reablitatsiyasi bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori, nefrolog Zohidjon Matkarimov, transplantolog jarroh Jasur O‘rinov, qon tomir kasalliklari jarrohi Muzaffar Rustamov, nefrolog Shahzod Erkaevlar yaqinda Romitan tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limida ushbu amaliyotni muvaffaqiyatli amalga oshirdilar.
Bemor O‘ktam Toshovga donor sifatida turmush o‘rtog‘i Malohat Boboevaning buyragi transplantatsiya yo‘li bilan ko‘chirib o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik va tashxislardan so‘ng jarrohlik amaliyoti yuqori malakali vrachlar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ayni paytda bemorning ham, donorning ham salomatligi qoniqarli bo‘lib, ular tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limida tibbiy nazoratda.
Mazkur tibbiy jarrohlik amaliyotidan oldin tuman hokimi Umedjon barnoev Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan mehmonlar bilan birga buyrak ko‘chirib o‘tkazish yuqori texnologik operatsiyaga tayyorlanayotgan bemor va donor holidan xabar olishdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









