Shofirkon: Nuriddin Narziev oddiy chiqindidan muqobil energiya ishlab chiqaruvchi generatorni taqdim etdi
2026-04-28 15:50:00 / Yangiliklar

Mazkur qurilma chorva mollari chiqindilari hamda maishiy chiqindilar asosida ishlaydi. Bu texnologiyani yaratish uchun muallif tomonidan qariyb 20 million so‘m mablag‘ sarflangan. Natijada texnologning so‘zlariga binoan, bir sutkada 1200 KvA elektr energiyasi hamda 300 kub metr biogaz ishlab chiqarish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan.
Yaratilgan tizim nafaqat ekologik jihatdan foydali, balki iqtisodiy samaradorligi bilan ham ajralib turadi. Ayni paytda bu loyiha doirasida 3–4 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanmoqda. Ishlab chiqarilayotgan energiya issiqxonalarni isitish, xonadonlarni yoritish hamda boshqa turli xo‘jalik ehtiyojlarida keng qo‘llanishi mumkin.
Mazkur innovasion jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” viloyat bo‘linmasi direktori Ilhom Aslonov va tuman mutasaddilari ixtirochi Nuriddin Narziev bilan birgalikda qurilmani sinovdan o‘tkazdilar. Muqobil innovasiya manbasining ishlash prinsipi yaqindan o‘rganilib, amaliy natijadorligi kuzatildi.
Taqdimotda Nuriddin Narziev arzimas chiqindilar orqali biogaz olish jarayonini namoyish etdi. Bu generator yordamida nasosni elektr energiyasi bilan uzluksiz ishlatish imkoniyatini amalda ko‘rsatildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni kunda muqobil energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, gazlashtirilmagan hududlarda biogaz texnologiyasi muhim yechim sifatida qaralmoqda. Qishloq sharoitida esa chorva chiqindilaridan doimiy foydalanish orqali energiya manbaini uzluksiz ta’minlash mumkinligi mazkur qurilmadan ham ko‘riladi. Bundan tashqari, tik quduqlardan foydalanishda ham doimiy elektr energiyasi taqozo etiladi.
—Bu texnologiya shu kabi muammolarga sodda va samarali yechim taklif etishi bilan ahamiyatli. Shu bois bunday innovasiya ishlanmalarini amaliyotga joriy etish juda muhim. Mutaxassis sifatida biz Nuriddin Narziev yaratgan texnologiyani keng tatbiq etish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarimizni bildirdik,—deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” viloyat bo‘linmasi direktori Ilhom Aslonov.
Mazkur loyiha nafaqat energiya ta’minoti muammolarini hal etishda, balki chiqindilarni samarali qayta ishlash orqali ekologik barqarorlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






