G‘ijduvon: “Sho‘rcha”da Bo‘ronovlar uy xo‘jaligi 5 quti ipak qurti parvarishlamoqda
2026-04-28 15:45:00 / Yangiliklar

E’tiborlisi, bu yilgi “kumush tola” salmog‘i o‘tgan yilgi xirmondan 660 qutiga yoki 45 tonnaga ko‘proq. Hududda buyurtmachi “G‘ijduvon ipak tola” MChJ sa’y-harakati bilan har qutidan olingan hosil salmog‘i o‘rtacha 65,7 kilogramga yetkazilgan va bu yilgi ko‘zlangan hosildorlik nisbatan barakaliroq.
Sho‘rcha mahallasida istiqomat qiluvchi Bo‘ron Tursunov xonadoni hududda namunali oilalardan biri bo‘lib, mavjudl imkoniyatdan unumli foydalanib, og‘ilxona, tomorqa madaniyati bilan birga pillakorlikda ham katta tajribaga ega. Tursunovlar oilasi halol peshona teridan baraka topayotgan uy xo‘jaligi sifatida ham hurmat-e’tibor qozongan.
— Pillachilikda 15 yillik tajribaga ega oila sifatida mavsumda mo‘may daromadga egamiz,—deydi xonadon sohibi, 70 yoshni qarshilagan Bo‘ron bobo.—Har qutidan belgilangan me’yoriy hosilni 75-80 kilogramga, oilaviy xirmonni 400 kilogramga yetkazib, 20 million so‘mdan oshirib moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab turibmiz. Shu bilan birga, 8 sotixdan iborat tomorqamizda dehqonchilik qilib, chorva mollari bilan birga ixcham hovuz qazib tayyorlab, baliqchilikni yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha barqaror daromadga ega bo‘lmoqdamiz.
To‘rt nafar farzandini uyli-joyli qilgan, bugun esa nabiralari bag‘rida totuv hayot kechirayotgan bu xonadon mahalladagi oilaviy zvenolarning ham peshqadami. Mahalla tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash oilaning yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Darvoqe, hududda ipak qurti boquvchilarga mavsum oldidan ta’minotchi tomoni "G‘ijduvon ipak tola" MChJ tomonidan har quti ipak qurti uchun 500 ming so‘m avans puli tarqatilib, hosil qabul qilishda rejadan ortiqcha har kilogram pilla uchun tarozi boshida 50 ming so‘mdan mukofot puli berilishi oilaviy zvenolar mehnatiga munosib rag‘batdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









