Kogon: “O‘zbekiston” mahallasida Shahlo Atoeva o‘z sexini ishga tushirdi
2026-04-27 18:15:00 / Yangiliklar
Aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xususan, yangi biznes g‘oyalar va yoshlarning startap loyihalariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar natijasida Kogon tumanida ham yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat boshlamoqda. Bu esa hududlar iqtisodiy rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamining kengayishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston” mahallasida tadbirkor Shahlo Atoeva tomonidan “Antal Halal” brendi ostida qandolat va xamirli yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Mazkur sexda bugungi kunda 20 turga yaqin mahsulot tayyorlab chiqarilmoqda.
E’tiborlisi, endigina ish boshlagan bu kichik korxonada mahallaning 5 nafar xotin-qizini ish o‘rni bilan ta’minlangan. Ishlab chiqarilayotgan xaridorgir mahsulotga esa kun sayin talab oshmoqda.
Birgina biznes tashabbus nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratdi, balki mahalla aholisi uchun qulay xizmat ko‘rsatish imkoniyatini ham taqdim etdi. Eng muhimi, pishiriq tayyorlashga qiziquvchi yosh qizlar shu yerning o‘zida shogird tushib, kasb sirlarini o‘rganishmoqda.
Ayni paytda sex faoliyati barqaror yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra oyiga 15 million so‘mga yaqin sof daromad olinmoqda. Muhimi, bu kabi tashabbuslar jamiyatda tadbirkorlik muhiti shakllanishiga, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi oshishiga va yoshlarning kasb-hunar egallashiga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









