Buxoroda ham yosh askarlar qasamyod qabul qildi
2026-04-26 12:55:00 / Yangiliklar

Xususan, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi Buxoro garnizonidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar ham Vatanga tantanali qasamyod qildi.
Davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy pensionerlar, harbiylar, muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, qavmu qarindoshlari ishtirok etgan marosimda soʻzga chiqqanviloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Botir Zaripov Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, xalqimizning tinch, toʻkin hayotini taʼminlashda yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi. Harbiy majburiyatni oʻtash esa har bir oʻgʻlon uchun sharafli burch ekani qayd etildi. Vatanimiz osoyishtaligini, xalqimiz farovonligini taʼminlashdek sharafli vazifani bajarish uchun qasamyod qabul qilgan askarlar va ularning yaqinlarini samimiy tabrikladi.
Eʼtirof etilganidek, soʻnggi yillarda Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida harbiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirildi. Xususan, harbiy qism va muassasalar faoliyati yanada takomillashtirildi, qoʻshinlar ilgʻor qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlandi, ular faoliyatiga raqmli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yildan boshlab muddatli harbiy xizmatchilar xizmat bilan bir davrda qoʻshimcha ravishda kasb-hunarga, xorijiy tillarga, ilgʻor axborot texnologiyalariga oʻrgatilib, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishga tayyorlanish imkoniga ham ega boʻlmoqda. Bunday shart-sharoitlar Prezidentimizning yoshlarga harbiy xizmatni oʻtab boʻlganidan keyin mustaqil hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun qilinayotgan gʻamxoʻrlikning yaqqol namunasidir.
Amalga oshirilayotgan bu islohotlar esa armiyaning mamlakatimiz taraqqiyoti, tinchligi va barqarorligining ishonchli kafolati, jasorat va matonat maktabi sifatida yana bir pogʻona yuksaltiradi, albatta.
Tantanali marosimda yosh askarlar Oʻzbekiston xalqiga va Prezidentiga sadoqatli boʻlishga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan talablarni vijdonan bajarishga, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qildi.
– Barcha safdoshlarim qatori men ham qasamyod qildim, – deydi Surxondaryo viloyatidan chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar Javohir Ziyoyev. — Qasamyodgacha ham hayotimda esda qolgan, sermazmun kunlar koʻp boʻldi. Harbiy hayotga tez koʻnikdim. Bu yerda biz uchun barcha shart-sharoit bor. Buni davlatimizning ona yurt qoʻriqchilariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor namunasi, deb bilaman. Ana shu eʼtiborga munosib boʻlib, zimmamdagi yigitlik burchimni astoydil bajaraman. Armiya yigit kishini chiniqtiradi, toblaydi, degan gaplarning juda toʻgʻri ekaniga amin boʻlayapman. Chunki, xizmat davrida shijoat, fidoyilik, oʻzimga boʻlgan ishonch tuygʻularini his etayapman. Endi har taraflama bilimimni yanada oshiraman. Buning uchun harbiy qismimizda yetarli qulaylik mavjud. Bizdan faqat xizmatni sifatli, vijdonan ado etish, oʻqish va oʻrganish talab etiladi, xolos. Xullas, hayot maktabidan koʻp narsani oʻrganishni maqsad qilganman.
Shuningdek, tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishga bel bogʻlagan oʻgʻlonlarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdi.
Tadbir davomida muddatli harbiy xizmatchilarga Oʻzbekiston Prezidentining sovgʻasi — Amir Temurning “Temur tuzuklari” va “Oʻzbekiston tarixi” kitoblari tantanali tarzda topshirildi.
Harbiy qasamyodga keltirish marosimidan soʻng, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol bilan saf elementlari va qoʻl jangi koʻrgazmali chiqishlari, Buxoro garnizoni harbiy orkestri jamoasi, madaniyat boshqarmasi tomonidan tayyorlangan kuy-qoʻshiqlar mehmonlar eʼtiboriga havola etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









