Ajrim - yechim emas yoxud oila mustahkamligi uchun barchamiz masʼulmiz!
2026-04-25 15:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova, sohaga aloqador tashkilotlar mutasaddilari, nuroniylar, otinoyilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda tumanda xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik qobiliyatlarini shakllantirib, imtiyozli kreditlar olishlarida amaliy yordam berish hamda muhtojlik va boqimandalik kayfiyati yuzaga kelishi oldini olish, ajrimlarga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilgan ishlarning 1-chorak yakunidagi koʻrsatkichlari tahlil qilindi.
Shuningdek, yigʻilganlarga davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga berilgan imtiyozlar va imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash haqida maʼruza qildilar.
Ajrimni ixtiyor etgan oila aʼzolarini fikr qilishga, xulosa chiqarishga daʼvat etuvchi videorolik namoyish etildi.
Ayniqsa, qirq yildan beri nogiron eri bilan yashab kelayotgan, hayotda qancha azobu uqubatni koʻrgan boʻlsa-da biror marta ajrim soʻzini xayoliga ham keltirmagan Hamro Karomatovaning hayot yoʻli haqidagi hikoyasi yigʻilganlarning hayratiga sabab boʻldi.
Uchrashuv xayrli yakunlandi. Ajrim yoqasida turgan 7 ta oilalar yarashdi.
Haqiqatan ham ajrim - yechim emas! Har bir singan munosabat ortida aytilmagan gaplar, eshitilmagan dardlar va kechikkan tushunishlar yotadi. Demak, gap ajrashishda emas, balki bir-birini yana bir bor tinglashdadir…









