Olot va Qorako‘l tumanlarida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi
2026-04-25 14:05:00 / Yangiliklar
Shu yil 22-24-aprel kunlari Olot va Qorako‘l tumanlarida favqulodda holatlarda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashgg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Qo‘mondonlik shtab o‘quvi "Uztelecom" filiali maxsus signali va uning Qorako‘l va Olot tumanlari hokimligi, favqulodda vaziyatlar davlat tuzilmalari xizmatlari rahbarlari qabuli bilan boshlandi.

Tumanlar hokimliklarida bo‘lib o‘tgan tezkor shtab yig‘ilishlarida favqulodda harakatlanish, qutqaruv kuch va vositalaridan samarali foydalanishga doir tumanlar hokimlari—Fuqaro muhofazasi boshliqlari tomonidan mas’ullarga zarur topshiriq, vazifalar belgilab berildi. Mashg‘ulotlar davomida shartli tanlangan ijtimoiy soha inshootlarida shartli zilzila va yong‘in holatlari yuzaga keltirilib, ularni bartaraf etishda yong‘in-qutqaruv ekipajlari va hamkor tashkilotlar amaliy harakati sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilish, tezkor choralar ko‘rish va oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha muhim tajribalar amalda sinovdan o‘tkazilib, qo‘mondonlik shtab o‘quv mashqlari mexanizasyalashgan yig‘ma komandaning saf ko‘rigi o‘tkazildi.
Qo‘mondonlik shtab o‘quv mashqlari davomida "Do‘stlik" va "Xalifa" mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi zilzila vaqtida vaqtinchalik xavfli hududdan xavfsiz hududga, ya’ni, chodirli shaharchaga evakuatsiya qilindi. Chodirli shaharchada ularga hayot uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoit yaratilgan bo‘lib, yotoqxona, ovqatlanish xonasi, ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi, psixolog xonasida ularga birlamchi zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, Olot va Qorako‘l tumanlarida o‘tkazilgan qo‘mondonlik shtab o‘quv mashqlari doirasida "Amu-Buxoro-2" nasos stansiyasida va "Merganteks Shoyigul" MChJda texnogen favqulodda vaziyatlar, yong‘in sodir bo‘lganda rahbariyat, qutqaruv xizmatlari va tuzilmalarining hamkorlikdagi maxsus-taktik harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari favqulodda vaziyatlarda tezkor va samarali harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarining so‘nggi kunida, bugun Olot tuman hokimligi yig‘ingohida o‘quv mashqlarining yakuni tumanlar hokimlari hamda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Shukurillo Ayubov, shuningdek, hamkor tashkilotlar mas’ul mutasaddilari ishtirokida muhokama qilindi. O‘quv mashg‘ulotlari tashkiliy jihatdan yuqori baholangan yig‘ilishda faol ishtirok etgan bir guruh xodimlar munosib rag‘batlantirildi. Yakunda Olot tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limiga yangi “Chevrolet Cobalt” rusumli xizmat avtomobili topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






