Olot: “Bo‘ribek Chandir” mahallasidagi Tohir Qurbonov uy xo‘jaligida ham qut-barakaga erishilmoqda
2026-04-24 18:35:00 / Yangiliklar
“Bo‘ribek Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Tohir Qurbonov tomorqachilikda ham katta tajribaga ega, omilkorligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘layotgan yurtdoshlarimizdan. Xonadon sohibi tasarrufidagi atigi 15 sotix ekin yeridan “xazina” topganlardan desak, mubolag‘a emas.

Negaki, tomorqa yerida barpo qilingan 2 sotixli issiqxonadan yilning to‘rt faslida kamida uch marta, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, piyoz, ismaloq, ko‘katlardan mo‘l hosil olinayotgan bo‘lsa, erta bahordan 2 sotixdan iborat issiqxonada bodring, 3 sotixli ochiq maydonda esa kartoshka yetishtirilmoqda. Bu hademay 1 tonnadan ortiq kartoshka, deyarli 4 tonna bodring hosili degani. Shu kunlarda kartoshka gulga kirgan bo‘lsa, sara bodring hosilidan 1 tonnadan ko‘prog‘i uzib olinib, mahalladoshlar dasturxoniga tortiq qilingan.
—O‘zim pensionerman, ammo oila a’zolarim ko‘magida hovli etagidagi ekin yeri bilan “tillashib”, har qarichidan samarali foydalanishga harakat qilamiz, — deydi namunali tomorqachi Tohir Qurbonov. — Ro‘zg‘orimiz kam-ko‘stini to‘ldirib, 5 sotix joyda piyoz, yana 3 sotix yerda sabzi yetishtirayapmiz. Ekishdan oldin albatta, ekin yerini mahalliy o‘g‘it bilan to‘yintirganimiz, sug‘orish, kerak bo‘lsa, biologik usulda dorilashgacha o‘zimiz olib borishimiz tufayli ko‘rib turganingizdek, har bir paykalda hosil baravj rivojlanmoqda. Qolaversa, tomorqa va issiqxona chetlari, chellarini ham bo‘sh qoldirmasdan, bulg‘or qalampiri, sarimsoqpiyoz, baqlajon ekib yetishtiryapmiz.
Bu xonadon egalari hovli chekkasidan bir sotix yerda chog‘roqqina hovuz qazib tayyorlab, intensiv usulda baliq yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yishgan. Ayni paytda hovuzda oddiy bir chelakda baliq chavog‘i tashlab parvarishlansa, yarim yildan so‘ng har biri 1,5 kilogram tosh bosadigan “luqmai halol”ga aylanadi. Shuning o‘zi 1 tonna baliq degani. Ammo xalqimizda “holva degan bilan og‘iz chuchimas” degan gap bejiz aytilmagan. Baliq boqishning ham o‘ziga xos qiyinchiligi bor.
Hozirda bu hovuzda oq amur va zog‘ora baliq chavoqlari tashlab parvarishlanmoqda. Shu bilan birga, oila a’zolari parrandachilikka ham e’tibor qaratgani holda hovli etagidan katak tayyorlab, bir necha yildirki, o‘zlari ehtiyojlari uchun tovuq parvarishlab kelishmoqda.
Shu o‘rinda ba’zi ma’lumotlarga nazar solsak, o‘tgan yili tumanda mavjud 4 ming 471 gektar aholi tomorqasida 52 ming 457 tonna ertangi sabzavot-poliz mahsuloti, chunonchi, 570 gektarda 4 ming tonnadan ortiq kartoshka, shuningdek, 502 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 171 gektarda 3 ming 158 tonna sabzi, 580 gektarda 11 ming tonna atrofida piyoz yetishtirilgan.
Qolaversa, 1 ming gektardan ortiq yerda 40 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirilgan. Joriy yil erta bahor mavsumida esa birgina dehqon xo‘jaliklarining 166 gektarida kartoshka, umumiy hisobda 833 gektar maydonda piyoz, bulg‘or qalampiri, pomidor, bodring, karam, baqlajon va boshqa sabzavot mahsulotlari ekib parvarishlanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








