Buxoro tumani: joriy mavsumda “jonlantirilgan” 4317 quti ipak qurtidan barakali hosil ko‘zlanmoqda
2026-04-24 18:30:00 / Yangiliklar
Aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirishda pillachilik tarmog‘i ham alohida o‘rin tutadi. Negaki, har yilgi mavsumda tajribali pillakorlar, kasanachi oilaviy zvenolar hissasi bilan sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirilib, iqtisodiyotga munosib ulush qo‘shilmoqda.

Buxoro tumanida joriy mavsumda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Romstar” korxonasi tomonidan 2900 nafardan ortiq kasanachi bilan shartnoma tuzilib, inkubatoriyada “jonlantirilgan” 4317 quti ipak qurti o‘z vaqtida kasanachi va oilaviy zvenolarga yetkazib berilgan. Hademay, ular mehnati bilan 270 tonnaga yetkazib “kumush tola” yetishtirish maqsad qilingan.
“Mug‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini, Alamdor qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan korxona ishlab chiqarish quvvatlariga to‘xtalsak, Xitoy texnologiyasi asosida yil bo‘yi 150 tonna xom ipak tola ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Tahlillarga qaraganda, “Romstar” korxonasida 2020 yilda 64 tonna ipak tola qayta ishlanib, mahsulot eksporti natijasida 2 milliard 358 million so‘m sof foydaga erishilgan bo‘lsa, 2024 yilda 135 tonna va 2025 yilda 140 tonna “kumush tola” konveerga, qayta ishlashga yo‘naltirilgan. Xuddi shunday, buyurtmachilarga yetkazilgan ipak tola evaziga o‘tgan yilda qariyb 4,3 milliard so‘m sof foyda qo‘lga kiritilgan.
“Romstar” korxonasida mavsum davomida 400 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlansa, qurt boquvchilar bilan birgalikda bu ko‘rsatkich 700 nafargacha yetadi. Ishlab chiqarish jarayoniga jalb etilgan zamonaviy uskunalar nisbatan samarali ishlaydi. Korxonaning Qumrabot mahallasidagi urug‘ ishlab chiqarish biolaboratoriyasiga kelsak, sex yangi texnologik liniya 100 nafardan ortiq ishchi-mutaxassisga ega bo‘ladi.
Shu kecha va kunduzda Dehcha va Sofikorgar mahallalarida ham ipak qurti parvarishi jadal boshlangan. “Jonlantirish” jarayonidan keyin ipak qurti oilaviy zvenolarga tarqatilgan. Hududda agrotexnik talablarga qat’iy rioya etish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda hosildorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilib, pillakorlar uchun agronomlar biriktirilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









