Rossiyaning Sankt Peterburg shahri vitse gubernatori Buxoroda
2026-04-24 18:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston hamkorlarga katta bozor bilan birga sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda butun mintaqa va uchinchi mamlakatlar bozoriga chiqish uchun to‘laqonli platformani taklif etmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda bu platformaning o‘rni alohida. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi sheriklari va Rossiya bilan tovar aylanmasi qariyb 22 milliard dollarni tashkil etgan. Hozir ular ishtirokida 5500 ta qo‘shma korxona faoliyat yurityapti. Turli sohalarda qiymati 47 milliard AQSh dollaridan ziyod 330 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
“INNOPROM: Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazma maydonida nafaqat yangi uchrashuvlar, hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi, balki qiymati yuqori yirik loyihalar, savdo bitimlari imzolanadi. Masalan, o‘tgan yilgi ko‘rgazma doirasida erishilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlari qiymati 5 milliard AQSh dollaridan oshgan. Joriy yilgi ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Hozirda mamlakatimizda Rossiya kapitali ishtirokida 3000 dan ortiq korxona faoliyat yuritib, 150 dan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur xalqaro nufuzli sanoat kooperatsiyasida qatnashgan Rossiya Federatsiyasining Sankt Peterburg shahri vitse gubernatori Kirill Polyakov boshchiligidagi delegatsiya bugun viloyatimizda bo‘lib, viloyat hokimining o‘rinbosarlari Rizo Asadov hamda Botir Shahriyorovlar bilan muzokara olib bordi.
Samimiy muloqotda rossiyalik rasmiy mehmonlar Buxoro viloyatining ayni kundagi investitsiyaviy salohiyati, bunda tadbirkorlar, ayniqsa, chet ellik sarmoyadorlarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan qiziqdilar. Xorijlik mehmonlar viloyatimizning bevosita Rossiya Federatsiyasi, Sankt Peterburg shahri bilan sanoat va investitsiya borasidagi savdo-iqtisodiy hamkorligi, hududdagi biznes muhiti bilan yaqindan tanishmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi yangi hamkorlik aloqalari ilmiy-texnik salohiyatni birlashtirish va ilg‘or tajriba almashinuviga asoslanadi. Shu bois, viloyatda Sankt Peterburg shahri bilan yaqin hamkorlikda yangi ishlab chiqarish hamda logistika tizimini shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Shu kuni Sankt Peterburg shahri vitse gubernatori Kirill Polyakov boshchiligidagi delegatsiya viloyat mutasaddilari hamrohligida Buxoro shahridagi “Nigora” trikotaj fabrikasi va “ARTEL” elektron maishiy uskunalar korxonasida bo‘ldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









