Kogon: dastlabki hosildan 20 million so‘mdan oshirib foyda ko‘zlangan
2026-04-23 17:15:00 / Yangiliklar

Aytish joizki, hududdagi mahalla va qishloqlarning barchasida, jumladan, “Niyozhoji” MFY da 156, "Bahouddin Naqshband" mahallasida 152, “Tutkunda” mahallasida 155, “O‘ba Cho‘li” mahallasida 144, “Sorg‘un” mahallasida 115, “Xo‘ja Yakshaba” mahallasida 138, “Tuniroq” mahallasida 118, “Hukumatobod” hamda “Siyozpoyon” mahallalarida 102 gektardan ekin yerlari sabzavot, poliz va dukkakli, moyli mahsulotlar yetishtirish uchun ajratilgan bo‘lib, ulardagi issiqxonalar va ochiq ekin yerlarida dehqonchilik ishlari muntazam borayotganini ko‘rish mumkin.
Ayni kunda Taraqqiyot mahallasida yashovchi Sa’dullayevlar xonadoni ham tomarqadan samarali foydalanib, ro‘zg‘or ehtiyojini qoplamoqda. Taraqqiyot mahallasining Breshim qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Gʻayrat Sa’dullayev mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun o‘tgan yili “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida ajratilgan bank imtiyozli kredit mablag‘idan oqilona foydalanib, tomorqasida issiqxona barpo etgan.
Issiqxona 4 sotix yerdan iborat bo‘lib, unda erta bahor kunlaridan pomidorning yuqori hosildorligi, bozorbopligi bilan ajralib turadigan “bella” navi yetishtirilmoqda. Uch oylik mehnat mahsuli sifatida xonadon ahli hademay bu issiqxonadani 2 tonnadan oshirib pomidor olish harakatida. Xomcho‘tga binoan, bundan 20 million so‘mdan oshiq foyda ko‘zlanmoqda. Muhimi, issiqxonada yil davomida kamida uch marta hosil yetishtirilayotgani, ehtiyojdan ortgani mahalladoshlar dasturxoniga tortiq qilinayotgani ortidan barqaror daromadga erishilmoqda.
Shu bilan birga, Sa’dullayevlar xonadoni mehnatkashlari tomorqa yerining 2 sotix qismida sarimsoqpiyoz, yana bir qismida kashnich, shivit, ismaloq kabi ko‘katlar ekib yetishtirib, qo‘shimcha daromadga erishmoqdalar. Umuman, Gʻayrat Sa’dullayevning deqonchilikdagi faoliyati, ixcham tomorqadan unumli foydalanishdagi tajribasi, qo‘lga kiritilayotgan moddiy manfaatdorligi tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirib, boshqa oilalar va tomorqachilar uchun ibrat-namuna desak, mubolag‘a emas.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





