Mebelsozlik sohasida Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi
2026-04-22 18:50:00 / Yangiliklar

Muloqot chogʻida mebelsozlik sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda, turk kompaniyasining Buxorodagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.
Turkiya tomoni kompaniyaning faoliyati hamda yaqin kelajakdagi rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, Oʻzbekistonda ishlashga qiziqish bildirib, koʻrib chiqilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari ustida ish olib borish uchun yaqin hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.
Shundan kelib chiqib, Buxoroda oʻzaro teng manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, zamonaviy texnologiyalarni olib kelish, mebel ishlab chiqarishda tajriba almashish hamda mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari doirasida Buxoro viloyatida investitsion loyihani amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, turkiyalik ishbilarmonlar mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, infratuzilmani takomillashtirish va islohotlar natijalariga yuqori baho berib, keng koʻlamli oʻzgarishlar katta taassurot qoldirganini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, aniq takliflar va mexanizmlarni ishlab chiqish hamda keyingi muzokaralarni davom ettirish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, “Burano mebel” ofis mebellari va jihozlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya ishlab chiqarish jarayonlariga Turkiya, Germaniya va Italiyaning ilgʻor texnologiyalarini keng joriy etgan. Kompaniya mahsulotlari nafaqat Turkiya bozorida, balki Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga ham kirib borgan.
Mazkur kompaniya bilan hamkorlik Buxoro viloyatida mebelsozlik sanoatini yanada rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








