Shofirkon: Xolovlar issiqxonasida 1,5 gektardan 300 million so‘m moddiy manfaatdorlik ko‘zlanmoqda
2026-04-22 13:30:00 / Yangiliklar
Har yili dehqonchilik mavsumida shofirkonlik dehqon mirishkorlar 490 tonna uzum, 1 ming 500 tonnadan ziyod sabzavot, 330 tonna poliz, 935 tonna atrofida kartoshka yetishtirib, elimiz dasturxoniga tortiq etadilar. Albatta, bu hosil salmog‘i joriy yilda bulturgidan ancha salmoqli bo‘lishi uchun erta bahordan katta taraddudga kirishilgan.

Tomorqa yer egalari, dehqon hamda bog‘dorchilik xo‘jaliklari tomonidan o‘tgan yilgi dehqonchilik mavsumida tuman bog‘laridan olingan meva salmog‘i 5 ming 800 tonnadan ortiqni tashkil qilgan bo‘lib, bu xirmon o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2,5 ming tonnaga ko‘p demak.
Keyingi yillarda tumanda issiqxona xo‘jaliklari safi kengayib, mahsulot yetishtirish salmog‘i oshib borayotgani aholi iste’moli uchun talab va ehtiyojni qondirishda ayni muddao. Bu borada ko‘p yillik tajribaga ega mirishkorlardan biri Mirzohid Xolov ham oila a’zolari, mehnat jamoasi bilan birgalikda mavjud 1,5 gektardan iborat ekin yeridan unumli foydalanib, takroriy barakali hosil yetishtirib, yuqori daromadga erishmoqda.
Ayni kunda ilg‘or dehqon xo‘jaligi rahbari sifatida Mirzohid Xolov tasarrufidagi yerda har biri 5 sotixdan iborat 4 ta issiqxona faoliyatini tashkil etib, barakali hosil yetishtirmoqda. Shu kunlarda bu issiqxonalarda 3 ming tup pomidor va 1300 tup bodring parvarishlanmoqda. Bu ko‘chatlarning har biridan pishiqchilik mavsumida 3-4 kilogramga yetkazib hosil olish ko‘zlangan. Bu qariyb 9 tonna pomidor va 5 tonnaga yaqin bodring deganidir. Qolaversa, erta bahorda aholi tomorqalari uchun pomidor ko‘chatini yetishtirib tarqatish ham yo‘lga qo‘yilgani xo‘jalikka qo‘shimcha foyda.
Issiqxona yerining bir qismida serhosil navlarga mansub kartoshka yetishtirilayotgan bo‘lib, hademay 2,5 tonnaga yetkazib xirmon ko‘tarish maqsad qilingan. Hosil saranjomlanganida bir xo‘jalikning kartoshkadan 25 million so‘m atrofida daromad olish imkoniyati bor.
Ish boshida tashabbuskor tomoniga oson kechmagan, albatta. Iissiqxonani barpo etish, yer tayyorlash, mineral o‘g‘it kiritish, urug‘ tanlash, ekish ishlari uchun hokimning mahalladagi yordamchisi ko‘magida bankdan 130 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i olingani juda qo‘l kelgan. Sarmoya maqsadli sarflangani, ekin yeridan mo‘l hosil olinayotgani hisobidan joriy dehqonchilik mavsumida xo‘jalik 300 million so‘m atrofida daromad olishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









