Tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari Gʻuzor tumanida bo‘ldilar
2026-04-22 11:40:00 / Yangiliklar

Qo‘shni viloyat tumanida kambag‘allikni qisqartirish, oilalarga daromad manbaini yaratish, agrar tarmoqdagi istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil qilingan bu safarda Buxoro delegatsiyasini Gʻuzor tumani hokimi Bekzod Suyunov boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldilar.
O‘rganishlar tumanning “Dashtobod” mahallasida aholi tomorqa yerlari, dehqon xo‘jaliklarini ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Hududda pomidor, sabzi, bulg‘or qalampiri, sholg‘om, shuningdek, chorva uchun ozuqabop makkajo‘xori yetishtirish loyihalariga e’tibor qaratildi. Ayni kunda dashtobodlik tomorqachilarning 1 gektar yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi tajribasi katta qiziqish uyg‘otdi.
Agrar tarmoqdagi ish uslubiga ko‘ra, 1 gektar yerda chorva uchun ozuqabop makkajo‘xoridan ko‘ra sabzavot-poliz yetishtirish bir necha karraga foydaliroq. Masalan, 1 gektar yerda atigi 400 ming so‘m sarflab, makkajo‘xori ekib, yakunda 3 tonna atrofida makkajo‘xori olish mumkin ekan. Bu o‘rtacha 16 million so‘m daromad degani.
Holbuki, shu yerda 30 million so‘m xarajat qilib, 70 tonna pomidor yetishtirish va pirovardida 180 million so‘m foyda ko‘rish, shuningdek, 12 million so‘m sarflab, 50 tonnagacha bulg‘or qalampiri yetishtirish va bundan 110 million so‘m atrofida moddiy manfaatdorlikka erishish tajribadan ayon. Boshqacha aytganda, 1 gektar yerda 9 million so‘m xarajat qilib 55 tonnagacha sabzi, 6 million so‘m sarf qilib 60 tonnagacha sholg‘om yetishtirish va 110-120 million so‘m atrofida sof foydani qo‘lga kiritish mumkin. Sarf-harajat asosan yer tayyorlash, mahalliy yoki biogumus o‘g‘iti, mineral dorilar, sara urug‘ tanlash va mexanizmlarga, ishchi kuchiga safarbar qilinadi.
Hozirda Dashtobod mahallasida aholi tomorqasi 250, dehqon xo‘jaliklari yeri 239, fermer xo‘jaliklari yer maydoni 111 gektarni tashkil etgan bo‘lib, erta bahordan jami pomidor yetishtirilayotgan ekin yeri 700 gektarni tashkil etmoqda. Hududda sabzi va sholg‘om ekib yetishtirilayotgan yer maydoni 400 gektarni, bulg‘or qalampiri yetishtirilayotgan maydon esa 60 gektardan oshiq.
Gʻuzor tumanida “Yangi yo’l Agrostar” MCHJ loyihasi asosida 10 ta mahallada kooperatsiya usulida 200 gektardan oshiq yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ayni kunda pomidor yetishtirishga e’tibor kuchaytirilgan. Bunda 187 gektar fermer xo‘jaliklari yeri, 10 gektar aholi tomorqasi, 3 gektar tajriba maydoni hisoblanadi. Muhimi, jarayonda 200 dan oshiq aholi vakili bandligi ta’minlanadi va yetishtiriladigan hosil salmog‘i 1400 tonnadan ortiqni tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hosil saranjomlab olingach, 6 milliard so‘m atrofida moddiy manfaatdorlikka erishish mumkin.
Shu bilan birga, buxorolik mas’ullar g‘uzorlik mahalliy aholi tomorqalari, uy xo‘jaliklarida bo‘lishib, mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Guliston mahallasida Dilshoda Norqobilovaning qo‘ziqorin yetishtirish tajribasi ularni befarq qoldirmadi.
Buning uchun hududdagi 2-sonli umumta’lim maktabining bo‘sh yotgan bir nechta xonasi ijaraga olinib, ish boshlangan.
Hozirda 1 mingtaga yaqin qopchalarda qo‘ziqorin yetishtirayotgan omilkor ayol bir yilda 3 marta hosil yetishtirishning uddasidan chiqmoqda. Xonadon sohibasining aytishicha, bir qopchadan uch oyda 4 kilogramdan oshirib qo‘ziqorin olish, bunda bir mavsumda 4 tonna sara mahsulot yetishtirish tajribadan ma’lum. Bundan ko‘rinadiki, bir yillik mehnat mahsuli 12 tonnadan oshiq qo‘ziqorin yetishtirib, bundan 400 million so‘mgacha daromad topish mumkin ekan.
Shu kuni viloyatimiz ishchi guruhi a’zolariga mahsulot yetishtirish, parvarishlash, samaradorlik ko‘rsatkichlari xususida batafsil ma’lumot berildi. Xizmat safari davomida ikki hudud vakillari kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish borasida o‘zaro tajriba almashdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







