Olot: Ro‘ziyevlar oilasi ertangi sabzi hosilidan 50 million so‘m daromad olmoqda
2026-04-21 09:25:00 / Yangiliklar
Suv manbasi “Amu Qorako‘l” nasos stansiyasi bo‘lgan va Olot tumani markazidan oqib o‘tuvchi “Oq Po‘lat” kanali hududdagi Ma’rifat, Bunyodkor, Xalqobod, Xalifa, Arabxona, Gʻanchi Chandir kabi mahallalarida faoliyat yuritayotgan o‘nga yaqin fermer hamda aholi tomorqa yerlari bilan qo‘shib hisoblaganda, 1 ming gektardan oshiq ekin yerini “obi hayot”ga qondiradi, melioratsiyasini yaxshilaydi. Suv borgan yerda esa hosil yetishtirib, daromad topayotgan xo‘jaliklar safi kengaymoqda.

Tomorqachilikda katta tajribaga ega mehnatkashlardan biri Zokir Ro‘ziyev ham "Gʻanchi Chandir" mahallasida istiqomat qiladi. O‘tgan yili Arabxona mahallasidan uzoq muddatli ijara asosida 30 sotix yer maydonini tasarrufiga olgan Zokir aka yerning 5 sotix qismida issiqxona tashkil etishga kirishdi. Bu ishni amalga oshirish uchun unga mahalla ma’muriyati, hokim yordamchisi ko‘magida bank imtiyozli kredit mablag‘i asosida 16,5 million so‘m mablag‘ ajratilgani qo‘l keldi.
Bu issiqxona hozircha isitish tarmog‘iga ega bo‘lmasada unda plyonka ostida peshma-pesh sabzavot-poliz miahsulotlari yetishtirish tajribasi shakllanmoqda. Zokir Ro‘ziyev erta bahordan issiqxonasida sabzi yetishtirib kelmoqda. Yaxshi bilamizki, sabzi sovuqqa chidamli ekin bo‘lib, to‘g‘ri agrotexnika asosida parvarish qilinsa, yuqori hosil beradi. Qish oylarida sifatli urug‘ va zarur mineral o‘g‘it 2 million so‘mga xarid qilinib, issiqxona yeri obdon tayyorlanib, ekilgan.
—Mehnat kishini muhtojlikdan qutqaradi deya bejiz aytilmagan. Oilamizda nogironligi bor, jismoniy imkoniyatimiz cheklanganiga qaramasdan, ekin yerimizda ishlab, dehqonchilik bilan shug‘ullanib, peshona terimizga yarasha hosil yig‘ishtirib olmoqdamiz,—deydi tomorqachi Zokir Ro‘ziyev.—Albatta, o‘z mehnating mevasini yeyish, uning totli ta’mi, zavqi boshqacha bo‘ladi.
Xonadon sohibining aytishicha, ayni kunda issiqxonada 6 tonnaga yaqin, ya’ni, 6–7 ming bog‘ ertangi sabzi yetishtirilgan. Har bir bog‘da o‘rtacha 6–8 dona sabzi bo‘lib, bozorda 10 ming so‘mdan sotilmoqda. Bu esa bir mavsum davomida nafaqat olingan kreditni to‘liq yopish, balki qariyb 50 million so‘m daromad olish imkonini bermoqda. Mazkur xonadonda yana 1 sotix issiqxonada pomidor va bodring nihollari parvarishlanmoqda. Ochiq maydonda esa 3 sotix atrofidagi yerda kartoshka yetishtirilmoqda. Bundan hademay 1 tonnadan oshiq mahsulotni kovlab olish maqsad qilingan.
Bularga qo‘shimcha xonadon mirishkorlari hovli etagidagi og‘ilxonani ham obod qilib, 3-4 bosh qoramol, sog‘in sigir, qo‘y-qo‘zi boqib, ro‘zg‘or kam-ko‘stini to‘ldirishmoqda. Aytish joizki, halol mehnat tufayli bir oilaning tomorqadan olinayotgan sabzavot mahsulotlari bilan birga sut, qatiq, qaymoq, qolaversa, go‘shtga bo‘lgan kundalik ehtiyoji qondirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









