Ona tilimizga bag‘ishlangan yangi kitoblar taqdimoti
2026-04-20 17:15:00 / Yangiliklar

Taqdimotda so‘zga chiqqan viloyat hokimining maslahatchisi Akbar Rustamov, Vazirlar Mahkamasining O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bosh mutaxassisi Guljamol To‘ychiyeva, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Zohida Muqimova, olima B. Jo‘rayeva ushbu kitoblarning xalqimiz ma’naviy salohiyatini oshirish, Alisher Navoiy ijodiy merosi bilan yaqindan tanishish, ona tilimiz boy imkoniyatlari anglashdagi ahamiyati batafsil to‘xtalishdi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida mamlakat ziyolilari tashabbusi bilan nashrga tayyorlanib chop etilgan “Alisher Navoiy” ensiklopediyasi ko‘p yillik orzuning ushalishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, keyingi yillarda buyuk bobokalonimizning ijodiga bo‘lgan qiziqish yanada kuchaydi. Uning asarlari tadqiqiga e’tibor oshmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan bu ish navoiyshunoslikning ko‘plab dolzarb masalalariga oydinlik kiritib berishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur to‘rt jildlik nashr 1985 sahifadan iborat bo‘lib, unga 78 nafar o‘zbekistonlik navoiyshunos, yosh tadqiqotchi, turkiyalik va ozarbayjonlik olimning mavzuga oid 3 mingdan ortiq ensiklopedik maqolalari kiritilgan.
Qolaversa, unda qiziqarli axborotlar, o‘ziga xos yondashuvlardan tashqari, navoiyshunos olimlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berilgan. Bu yosh tadqiqotchilar uchun dasturulamal vazifasini o‘taydi.
Yangi nashr etilgan “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitobi esa 1984-yilgi nashriga nisbatan nafaqat leksik omonimlar soni kengligi va izohlari takomillashtirilganligi, balki bunda frazeologik va affiksal omonimlar ham kiritilganligi bilan farq qiladi.
Taqdimotda so‘nggida faol ishtirokchilarga kitoblardan namunalar taqdim etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









