Vobkent: “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 10 gektar yerga loviya ekildi
2026-04-20 17:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, sabzavotchilik yo‘nalishida 12 ta, kartoshkachilikda 2 ta, polizchilikda 4 ta, meva-bog‘dorchilik, rezavor hamda sarxil meva yetishtirishda, parranda va chorvachilik tarmog‘ida jami yigirmadan ortiq, qolaversa, anor va anjir yetishtirish, hovlilarda sarxil navli tokzorlarni kengaytirishda alohida xo‘jaliklar shakllantirilayotgani ham aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan issiqxonachi xonadonlar moddiy manfaatdorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bunda chog‘roqqina ekin yeridan yilda uch martagacha hosil olish hadisini o‘zlashtirgan mirishkor oilalar talaygina. Pomidor, bodring, kartoshka, karam va boshqa sabzavot mahsulotlari, “to‘qsonbosti” ekinlar, qolaversa, ko‘kat yetishtirib mo‘may foyda olish, ayniqsa, erta bahordan aholi tomorqalari uchun issiqxonalarda ko‘chat yetishtirib sotish keng urfga aylanmoqda. Bunday kezda vobkentliklar mahalla va qishloqlarining aksariyatida, xususan, Shakarkent, Bozorjoyi, Kosari, Xalach, Kumushkent kabi aholi punktlarida pomidor, bulg‘or qalampiri, karam va yana boshqa mahsulot ko‘chatlarini tayyorlab, yetishtirib chiqarayotgani ham o‘nlab xo‘jaliklar moddiy manfaatdorligini oshirmoqda.
Ko‘lxatib mahallasida yerdan oqilona foydalanish borasida yana bir muhim tashabbus amalga oshirildi. Mahallada ehtiyojmand, mehnatga layoqati bor oilalar vakillariga uzoq yilga ijaraga berilgan 10 gektar yer maydonida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida loviya ekilib, jarayon amaliy ko‘rgazmali seminar ko‘rinishida tashkil etildi.
Tadbirda hokimning mahallalardagi yordamchilari, dehqon xo‘jaliklari a’zolari, soha mutaxassislari ishtirok etib, zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi. Muhimi, bu kabi seminar-treninglardan maqsad—qishloq xo‘jaligida har bir qarich yerdan unumli foydalanish, bo‘sh yotgan maydonlarni daromad manbaiga aylantirishdir. Ko‘lxatib mahallasida boshlangan amaliy tajriba boshqa hududlar uchun ham namunadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




