Buxoroda “Yil hamshirasi – 2026” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
2026-04-20 16:55:00 / Yangiliklar
12-may – Xalqaro hamshiralar kuniga bag‘ishlab “Yil hamshirasi – 2026” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda O‘zbekiston Hamshiralar assosiatsiyasining 2026-yil 3-fevraldagi qo‘shma qarorlari ijrosi doirasida Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi, kasaba uyushmasi viloyat kengashi va hamshiralar assosiatsiyasi hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Tanlovda sog‘liqni saqlash muassasalarida faoliyat yuritayotgan malakali o‘rta tibbiy xodimlar ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalari, kasbiy mahorati hamda fidoyiligini namoyon etdilar.
Viloyat bosqichi doirasida qator yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi. Jumladan, “Hamshira–2026” tanlovida 9 nafar ishtirokchi, “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimi” tanlovida 15 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar, “Patronaj doya – ayol salomatligi tayanchi” tanlovida 14 nafar, “Mening onam hamshira” rasmlar tanlovida 14 nafar hamda “Yilning eng yaxshi IT operator – hamshirasi” tanlovida 13 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra eng munosib ishtirokchilar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi. Bunda kasbiy mahorati, boy tajribasi, bilimiga muvofiq faxrli 1-o‘rinni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Isoqova Shaxnoza Ahad qizi egallab, ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Faxrli 2-o‘rin respublika Shoshilinch tibbiy yordam markazi Buxoro filiali bolalar reanimatsiyasi hamshirasi Ibodova Maqsuda Ubayd qiziga nasib qilgan bo‘lsa, faxrli 3-o‘ringa Buxoro shahar tug‘ruq kompleksi hamshirasi Karimova Maftuna To‘ymurodovna loyiq deb topildi.
Shuningdek, ishtirokchilar “Yilning eng yaxshi hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi tibbiy brigada hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi muolaja va emlash hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi operatsiya xonasi va bloki hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi tez tibbiy yordam stansiyasi hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi shoshilinch tibbiy yordam hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi katta hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi doyasi”, “Yilning eng yaxshi bolalar hamshirasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham taqdirlandilar.
Mazkur tanlov o‘rta tibbiy xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning mehnatiga munosib baho berish va soha nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







