Qorako‘l: “Sohilbo‘yi” dam olish maskanida obodonlashtirish ishlari avjida
2026-04-20 10:45:00 / Yangiliklar
“Zarbdor tajribasi” asosida “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘inida “Sohilbo‘yi dam olish maskani” qurilayotgani ko‘plarni mamnun qildi. Zamonaviy savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlarni tashkil etish bo‘yicha izchil davom ettirilayotgan “Sohil bo‘yi” loyihasi doirasida tuman markazidan oqib o‘tuvchi “Amu-Qorako‘l” kanali o‘zanining 2,5 kilometr uzunlikdagi qismi betonlashtirildi. Shuningdek, 1,1 kilometr hududda savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari qurilmoqda.

Aholi ko‘ngilli hordiq chiqarishiga mo‘ljallangan maskanda mehmonlar va xorijiy sayyohlarga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatilishi barobarida, hudud mikroiqlimini shakllantirishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan mazkur loyiha maydonida 30 dan ortiq tadbirkorlik subektining ish boshlashi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda 14 ta obektda qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal bormoqda. Bunda tijorat egalari va mehmonlar uchun qator savdo va servis, ko‘ngilochar xizmat turlari taklif etilayotgani barobarida 100 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, saylgoh atrofida yashil hududlarni kengaytirish maqsadida maysazorlar barpo etilib, turli manzarali daraxt va butalar o‘tqazilmoqda. Yashil qoplamalarni yotqizish ishlari izchil davom ettirilib, hududning ekologik holatini yaxshilash, toza havo muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, tumanning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Ulug‘bek ko‘chasida ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ko‘cha bo‘ylab rang-barang gul ko‘chatlari o‘tqazilib, manzarali kompozisiyalar yaratilmoqda. Bu esa nafaqat ko‘cha tashqi qiyofasini ko‘rkam qilish, balki aholining kayfiyatini ko‘tarish omili hamdir.
Bir so‘z bilan aytganda, Qorako‘l tumani markazida olib borilayotgan obodonlashtirish va yangilanishlar hududni yanada obod, ko‘rkam va yashash uchun qulay maskanga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









