Buxoro tumani: “Do‘stlik” mahallasida Rahmatovlar oilasi ham tomorqada mo‘l hosil yetishtirmoqda
2026-04-20 10:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Ayni kunda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida 843 ta oila, 675 dan ortiq xonadon bo‘lib, ularda jami 3 ming 700 dan oshiq aholi vakili istiqomat qilib kelmoqda. Mahallada aholi bandligini ta’minlash, tomorqalardan samarali foydalanish borasida ayni paytda 70 gektardan oshiq yerda dehqonchilik qilib, barakali mahsulot yetishtirib kelinadi.

Hududda tomorqachilik madaniyatini shakllantirayotgan tashabbuskorlardan biri Ravshan Rahmatov bo‘lib, u ko‘p yildirki, tomorqa yerida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirishda puxta tajribaga ega. U va oila a’zolari mehnati va intilishi tufayli tomorqa barqaror daromad manbaiga aylangan.
Mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi asosida bankdan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘ini olib, faoliyatini kengaytirgan tadbirkor kuz va bahor mavsumlarida dehqon xo‘jaligida 70 ming dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirib, aholiga sotishga erishdi. Mirishkor xonadon sohibi yana 30 sotix yer maydonida serhosil uzum navlariga xos tokzor bog‘ barpo etib, qalamchadan ko‘chatlar o‘stirib, ishini rivojlantirmoqda. Bu nafaqat oilaga daromad, balki hududni ko‘kalamzorlashtirishga ham munosib hissa qo‘shilayotgani dalolati, albatta.
Shu bilan birga, Ravshan Rahmatov chorvachilik yo‘nalishini ham yo‘lga qo‘yib, ayni kunda 100 boshga yaqin quyon parvarishlab, shuningdek, ro‘zg‘origa yarasha sigir-buzoq, boshqa chorva mollarini boqib, xonadoni ma’xmurligini ta’minlamoqda. “Pahlavon” quyonlari esa tez ko‘payib borayotgani mahallada parhezbop go‘sht yetishtirishga bo‘lgan qiziqishni ham oshirmoqda.
—Bir necha yilni mehnat migranti sifatida chet elda o‘tkazib, nihoyat, uyga qaytib, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga bor kuch va imkoniyatimizni bag‘ishladik,—deydi Ravshan Rahmatov.—Bugunga kelib nihol sotuvidan 20-25 million so‘m atrofida foyda olayotgan bo‘lsak, quyon savdosidan ham shuncha mo‘may daromadga erishyapmiz. Qolaversa, tomorqamizda erta bahordan kartoshka, bulg‘or qalampiri, karam, sabzi, pomidor, piyoz yetishtirib, avvalo ro‘zg‘orga yarasha zahira tayyorlaymiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








