Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning hisoboti
2026-04-20 10:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli vatandoshlar!
Mamlakatimizda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarliklarida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, soʻnggi 10 yil Buxoro va buxoroliklar hayotida ham tub oʻzgarishlar, misli koʻrilmagan yangilanishlar davri boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilgan olamshumul bunyodkorlik ishlari tufayli shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yanada ochilib, obodlikka yuz tutmoqda. Aholining hayot darajasi va turmush sifati yuksalmoqda.
Keng koʻlamli maqsadli dasturlar doirasida joriy yilning birinchi choragida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 109,6 foizga oʻsib, 18,2 trn soʻmni, aholi jon boshiga esa 8,6 mln soʻmni tashkil etdi.
Jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 12,7 trillion soʻmga, xizmatlar 11,7 trillion soʻmga, qishloq xoʻjaligi 5,8 trillion soʻmga, qurilish ishlari 4,6 trillion soʻmga yetkazildi.
Amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida jami 75,7 ming nafar aholining bandligi taʼminlandi.
Viloyatda ishsizlik 4,7 foizdan 4,0 foizga, kambagʻallik darajasi esa 6,0 foizdan 5,1 foizgacha qisqartirildi.
Joriy yil yakuni bilan ishsizlik va kambagʻallik darajasini 2,0 foizdan oshirmaslik boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning birgina uch oyi davomida viloyatda 600 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 225 foiz).
Investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilgan loyihalar hisobiga 1200 ta yangi va barqaror ish oʻrinlari yaratildi.
Birgina misol. Kogon tumanida xitoylik investor ishtirokida "China Xiangyang group" qoʻshma korxonasi tomonidan qiymati 30 mln dollar boʻlgan, yillik quvvati 50 ming tonna gipsokarton uchun qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.
Kogon tuman sanoat parki hududida Xitoyning “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 350 million dollarlik elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi doirasida amaliy ishlar boshlandi.
Aziz buxoroliklar!
Hurmatli Yurtboshimizning turizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlari tufayli bugun mazkur soha viloyatning asosiy drayverlaridan biriga aylandi.
Xususan, Buxoromizga 3 oyda 634,6 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ularga koʻrsatilgan xizmatlar hisobiga turizm eksporti hajmi 181,3 mln dollarini tashkil etdi.
Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoro viloyatiga 1 mln 502 ming 700 nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi.
2026-yilda “turizm qishlogʻi” va “turizm mahallasi” maqomi beriladigan 3 ta qishloq hamda 1 ta mahallada zarur infratuzilmani shakllantirish ishlari boshlandi.
Hozirgi kunda mamlakatimiz tom maʼnoda ulkan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylandi.
Koʻz oʻngimizda qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl va transport tarmoqlari, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bogʻ va xiyobonlar, obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, bunyodkorlik nafasini aks ettirmoqda.
Xususan, 2026-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 85 ta obyektda 151,6 mlrd soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek 5,6 ming m2 uy-joylarning tom qismlari, 25 ta kirish yoʻlaklari, 7 ta uyning yertoʻla hamda ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 9 ta uyning fasad qismlari taʼmirlandi.
Aholining ichimlik suvi taʼminoti darajasi bugungi kundagi 80 foizga, oqava tarmoqlari bilan qamrov darajasi esa 18,5 foizga yetkazildi.
Tegishli dasturlar doirasida birinchi chorakda 56,0 km yangi ichimlik suv tarmoqlari tortildi, 2 ta yangi ichimlik suvi va 1 ta yangi oqava inshootlari qurildi, shuningdek 6 km yangi oqava tarmoqlari barpo etildi.
Natijada oqava tarmoqlari bilan qamrov darajasi 18,5 foizga yetqazildi.
2026-yil yakunida aholining ichimlik suvi taʼminoti darajasini bugungi kundagi 80 foizdan 82 foizga, oqava tarmoqlari bilan qamrov darajasini 18 foizdan 21 foizga yetkazish taʼminlanadi.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida 27,2 km ichki yoʻllar asfaltlashtirildi.
Avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash va nuqsonlarni bartaraf etish ishlari doirasida joriy yilning birinchi choragida 350 km yoʻlda ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek ichki xoʻjalik avtomobil yoʻllarida 6 km beton yoʻllar barpo etildi. 53 km yoʻl shagʻallashtirildi.
Shu bilan birga, 2 ta yangi koʻprik qurildi.
Yil yakuniga qadar umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va ichki yoʻllarda jami 1 493,3 km yoʻllarni taʼmirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
2026-yil birinchi choragida 3 ta 35-110 kV podstansiya, 94 ta transformator punktlari hamda 348,7 km elektr uzatish tarmoqlarida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek 16 ta transformator punktlari 21,1 km elektr uzatish tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Isteʼmolchilarni uzluksiz va barqaror tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida joriy yilning birinchi choragi davomida
29,0 km gaz quvurlarida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, ular yangilandi.
Shuningdek 6 820 tonna (94%) suyultirilgan gaz belgilangan tartibda maxsus avtotransport vositalari orqali isteʼmolchilarga yetkazib berildi.
Jami 38 ta obyektda 16 150 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatildi.
Jumladan, 39 ta tadbirkorlik subyektida 5760 kVt, 322 ta aholi xonadonlarida esa 10390 kVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida 6 mln 247 ming dona koʻchat ekilib, reja 105,2 foizga bajarildi.
Harakat tarkibini yangilash, qatnovlarni uzluksiz taʼminlash hamda yoʻlovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida viloyatga zamon talablariga javob beruvchi 25 ta qulay va shinam yangi avtobus xarid qilindi.
Jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 34 ta avtobus bekatida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Hozirda Buxoro avtoshoxbekatida rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Ushbu tadbirlar doirasida yoʻlovchilar uchun qulay perronlar, chipta sotish va yuklarni roʻyxatga olish joylari yangidan barpo etildi.
Hisobot davrida yoʻlovchi oqimining ortib borishini inobatga olinib, 1 ta yangi yoʻlovchi tashish yoʻnalishi ochildi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Qishloq xoʻjaligi sohasida ham islohotlar ijrosi izchil amalga oshirilmoqda.
2026-yil hosili uchun fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalarida jami 208 ming gektarga ekinlar ekildi.
Fermer va dehqonlarimiz Joriy mavsumda 85 ming gektarga paxta ekish va oʻrtacha hosildorlikni 52 sentnerni yetkazib, jami 442 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish, gʻallachilikda 65 ming gektar maydondan 650 ming tonna gʻalla hosilini koʻtarish borasida barcha imkoniyatlarini safarbar etishmoqda.
Qadrli buxoroliklar!
Qayd etilayotgan har bir koʻrsatkich, har bir yutuq mamlakatimiz rahbarining oqilona islohotlari natijasidir.
Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, Hukumat hujjatlari hamda majlis bayonlarida belgilangan topshiriqlarning oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash va ularni sifatli bajarish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish faoliyatimizning eng ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Hokimlik apparatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni ijro muddati yakunlanishini kutmasdan, oldindan elektron tizimga kiritib borish amaliyotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2026-yilning yanvar-mart oylari davomida viloyat hokimligi apparatida ijro intizomi holati 25 marotaba tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Hisobot davrida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali viloyatga daxldor jami 1107 ta topshiriq kelib tushgan boʻlib, shundan 706 tasida viloyat hokimligi asosiy ijrochi, 401 tasida hamijrochi sifatida belgilangan.
Shuningdek, ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining Prezident Administratsiyasi moduli orqali viloyat hokimligiga daxldor 113 ta va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari moduli orqali esa 253 ta topshiriq kelib tushgan boʻlib, ularning barchasining ijrosi taʼminlandi.
Joriy yilning aprel oyi topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida kunbay kalendar rejasi ishlab chiqildi. Shu bilan birga, har bir hokim oʻrinbosari kesimida “yoʻl xarita”lari shakllantirilib, tasdiqlandi hamda amaliy ijroga yoʻnaltirildi.
Qadrli yurtdoshlar!
Biz bugun qanday oʻzgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan boʻlmaylik, ularning barcha-barchasi yagona, ulugʻ bir maqsadga qaratilgan. U ham boʻlsa, viloyatimiz aholisini rozi va ogʻirini yengil qilishdir.
Barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, yakdil va ahil boʻlib harakat qilsak, har qanday marralarni zabt etishga qodirmiz.
Barchangizga bu yoʻlda cheksiz kuch-gʻayrat, yuksak marra, omad, farovonlik va baxtu saodat tilayman.
Jonajon yurtimizga, uning tinchligiga aslo koʻz tegmasin!
Doimo sogʻ-omon boʻling!
