Gʻijduvon: “Taxtaxon”da 590 o‘rinli umumta’lim maktabi qayta qurilmoqda
2026-04-17 20:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ-5246-sonli “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ayni kunda Gʻijduvon tumanining bir nechta mahallasida qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari jadal bormoqda.

Qishloq hududlarini kompleks rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishda mazkur qaror muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Muhimi, qaror doirasida hududlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar amalga oshirilayotgani aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 50-sonli umumta’lim maktabida ham ayni qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘rish mumkin. Aholi soni oshgani barobarida maktabga bo‘lgan talab va ehtiyoj kuchaygani bois, keyingi paytda bu ta’lim maskani moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritib, navqiron avlodga ikki smenada saboq berib kelinayotgandi.
Nihoyat, viloyat va tuman hokimliklari sa’y-harakati bilan ayni kunda eskirib, ta’mirtalab ko‘rinishga kelgan 350 o‘rinli maktab binosini mukammal rekonstruksiya qilish, uning yonidan taxtaxonliklar farzandlari uchun qo‘shimcha 240 o‘quvchi o‘rniga ega yangi o‘quv binosini barpo etishga kirishildi.
Bu loyihada pudratchi tashkilot “Galaosiyo soxtimon” MCHJ binokorlari jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Qurilish ishlari joriy yil dastlabki oyidan boshlangan bo‘lib, bugunga kelib, umumiy loyihaning deyarli yarmi to‘la-to‘kis bitkazilgan. Umumiy qiymati 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ moliyalashtirilgan mazkur xayrli ishda hozirda o‘quv binosining ikkinchi qavatida g‘isht terish ishlari olib borilmoqda.
Binokorlar umumta’lim maktabini shu yil yangi o‘quv yili oldidan zamonaviy dizaynda o‘quvchilarga topshirishni maqsad qilishgan. Bu ham ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, o‘quvchilar uchun zamonaviy shart-sharoit yaratish, kelajak avlodga munosib ta’lim muhitini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





