Yoshlar kunida viloyat hokimi Jondor tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘ldi
2026-04-16 18:15:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida har payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan bugun viloyat hokimi Botir Zaripov Jondor tumanida maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘ldi.

Tuman markazidagi Tinchlik mahallasida faoliyat yuritayotgan mazkur ta’lim maskani 2017 yilda mukammal ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, hozirda 1635 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan.
—Aniq va ijtimoiy fanlar bilan birga maktabimizda ingliz va koreys tillari chuqurlashtirilgan uslubda o‘tilmoqda,—deydi mazkur maktab direktori Ilhom Ro‘ziyev.—Bunda navqiron avlod vakillari “Turon” teatr jamoasi va “Iqtidor” havaskorlik ansamblini ham tashkil etib, badiiy ijod qilib kelishmoqda. Dargoh ta’lim-tarbiya ishlariga ayni kunda 140 nafar pedagog xodim jalb qilingan bo‘lib, biologiya, fizika va kimyo fanlaridan maxsus sinflar, 2 ta kompyuter informatika xonasi, kutubxona, 150 o‘rinli oshxona talab darajasida jihozlangan.
Viloyat rahbari maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, tuman hokimi va boshqa mas’ullar bilan birga maktab ta’lim ishlari, moddiy-texnik bazasi, to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xorijdan kelgan ingliz tili fani o‘qituvchi Kristian Khen va uning koreys tili ochiq darsida bo‘lishib, yosh iste’dod egalari va ular o‘qituvchisi bilan samimiy suhbat qurdilar.
Shuningdek, ta’lim maskani o‘quvchilarining informatika xonasida sun’iy intellekt bo‘yicha mashg‘ulot o‘tish jarayoni kuzatilgani holda maktab yig‘ingohida bitiruvchi o‘quvchilar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqotda viloyat hokimi Botir Zaripov yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, o‘zining boy hayotiy tajribasi, qarashlarini bildirdi. Yoshlarni avvalo ularga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanib, puxta bilim olishga, izlanishga, o‘z maqsadlari sari dadil qadam bosishga, Vatanni va ota-onalarini sevib ardoqlashga, ustozlar bergan bilimlarini qadrlashga chorladi.
Fursatdan foydalanib, bitiruvchi yigit-qizlar ham taklif va murojaatlarini bildirishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Mas’ularga esa maktabning ta’limda erishayotgan yutuqlari, innovasion o‘qitishdagi shakllangan tajribasini ommalashtirish, ayniqsa, til o‘rganish, to‘garaklar ishini rivojlantirishga doir tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









