Botir Zaripov “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi vitse-prezidenti Ley Ming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi
2026-04-15 20:05:00 / Yangiliklar
Joriy yil 1-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda Xitoy Xalq Respublikasining “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida Buxoro viloyatida avtomobil ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish loyihasi taqdimot qilingan edi.

Loyihaning ishlab chiqarish va daromadlar rejasi 2026-yilda — 20 ming dona avtomobil (50 mln dollar), 2027-yilda — 40 ming dona avtomobil (100 mln dollar), 2028-yilda — 60 ming dona avtomobil (150 mln dollar), 2029-yilda — 100 ming dona avtomobil (200 mln dollar), 2030-yilda — 150 ming dona avtomobil (300 mln dollar), 2031-yilda — 200 ming dona avtomobil (350 mln dollar) belgilangan.
Mazkur loyiha doirasida B10, B10L, A10, C01, C16 avtomobil modellarini ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida avtomobil butlovchi qismlarini bosqichma-bosqich mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, bamperlar, oʻrindiqlar, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, orqa koʻrinish koʻzgulari, simlar jamlanmasi, akkumulyatorlar, asboblar paneli, torpeda qismi, yoritish uskunalari va boshqa ayrim avtokomponentlarni mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu yondashuv viloyatda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliy qoʻshilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi.
Loyihaga muvofiq, Buxoro viloyatini Markaziy Osiyodagi avtomobilsozlik va logistika xabi sifatida shakllantirish maqsad qilingan.
Bu esa kelgusida nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki qoʻshni mamlakatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.
Bu esa kelgusida nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki qoʻshni mamlakatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytirishi mumkin.
Loyiha doirasida 2026-yilda 200 ta, 2028-yilda 1000 ta, 2031-yilda 3000 ta yangi ish oʻrinlari yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, malakali muhandis va texnik kadrlar tayyorlash maqsadida Buxoro davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi INHA universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti, Turin politexnika universiteti bilan hamkorlik qilish nazarda tutilgan.
Kompaniyaning vitse-prezidenti Ley Ming Xitoy avtomobil sanoatida xalqaro bozorlar, eksport va tashqi operatsiyalar yoʻnalishida faoliyat yuritib kelayotgan rahbarlardan biri hisoblanadi.
Kompaniya rahbariyatida u moliyaviy rejalashtirish va bank sektori bilan hamkorlik masalalarini muvofiqlashtiradi. Jumladan, u brendni rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilish maqsadida banklar (masalan, China Minsheng Bank) va dilerlik guruhlari vakillari bilan oʻtkazilgan yirik uchrashuvlarda Leapmotor kompaniyasi nomidan ishtirok etgan.
Samimiy muloqotda loyihani amalga oshirishni yanada jadallashtirish bilan bogʻliq masalalar yuzasida fikrlashildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







