“Inson jism boʻlsa, maktab jon erur...”
2026-04-15 20:00:00 / Yangiliklar

Adib sheʼriyatidagi mavzulardan biri taʼlim va tarbiyadir. Xususan, uning qator sheʼrlari maktab taʼrifiga bagʻishlagan. Mutafakkir alloma bu borada ilgari surgan fikr-gʻoyalar barcha zamon va makonlar, jumladan, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarbdir.
Zero, bugun maktab, taʼlim-tarbiya masalasi Prezidentimiz rahbarligidagi barcha rahbar-xodimlar, jumladan, xalqimiz diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan gʻoya bugun har birimiz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Ustod Ayniyning maktab taʼrifiga bagʻishlangan quyidagi sheʼri mutolaasi jarayonida ham yosh avlod taʼlim-tarbiyasi masalasi maʼrifatparvar ajdodlarimiz uchun nechogʻlik muhim maslak boʻlganligini yaqqol anglash mumkin:
Az fayzi Yazdon xon ast, maktab,
Bar laʼli irfon kon ast maktab.
Be ҷon ҷasadro qadre naboshad,
Ҷism ast inson, ҷon ast maktab.
Az maktab oyad osoishi dil,
Margʻubi dilho z-on ast maktab.
Bemaktabonro nabvad hayote,
Ob ast maktab, non ast maktab.
Saʼd ast maktab, xayr ast maktab,
Izz ast maktab, shon ast maktab.
Dar chashmi binish nur ast donish,
Dar ҷismi donish ҷon ast maktab.
Dar mohii ҷon ob ast irfon,
Dar murgʻi irfon don ast maktab.
Mazmuni: Alloh fayzi tekkan maktab dasturxondir, irfon xazinasiga kondir. Jonsiz jismning qadri boʻlmaydi, inson jismdir, maktab esa uning jonidir. Qalbning osoyishtaligi va xursandchiligi ham maktab tufaylidir. Maktabsizlarning hayoti hayot emas, chunki maktab suv va non kabi insonga hayot bagʻishlovchi neʼmatdir. Maktab saodat, maktab yaxshilikdir, maktab izzatu shon-sharafu martabadir. Ilmga koʻzga nur boʻlgani kabi ilmning jismidagi jon maktabdir. Baliq joniga suv vosita boʻlganidek, maʼrifat qushi uchun maktab bamisoli dondir.
Ustod Ayniy nihoyatda qiyin davrda yashadi. Ammo bor imkoniyatdan samarali foydalanib, mehnatu mashaqqat ila buyuklik darajasiga yetdi. Shu bois uning maktab haqidagi daʼvatlari shunchaki quruq chaqiriqlar emas, balki shoirga zamondosh boʻlgan minglab ota-onalar, ustozlarning qalb amri, ovozi edi. Shu bois ijodkorning maktabga “dasturxon”, “ilmu marʼrifatga kon”, “inson jismidagi jon”, “qalb osoyishtaligi va xursadchiligi vositasi” deya taʼrif berishida zarracha mubolagʻa yoʻq.
Alloma toʻgʻri taʼkidlaganidek, “maktabsiz kishi yoki millatning hayoti ham, kelajagi ham yoʻq”. Ilmli, maʼrifatli millatgina buyuk davlat qura oladi.
Har bir inson uchun non va suv ulugʻ neʼmatlardir. Odam yaxshi yashashi uchun bu ikki neʼmatni har kuni istifoda etadi. Ammo u maktabsiz boʻlsa-chi? Alloma taʼkidicha, maktabsiz odamga non va suv ham tatimaydi. Zotan, maktabning oʻzi non va suvdir. Zero, inson kelajak hayotini, moddiy taʼminoti asoslariyu maʼnaviy kamoloti ildizlarini aynan maktabdan topadi.
Sadriddin Ayniy ijodida bu kabi pand-nasihatga yoʻgʻrilgan, sodda va ravon, yuksak badiiy did bilan sugʻorilgan satrlar juda koʻp. Yangi Oʻzbekiston orzusi bilan yashayotgan ekanmiz, bu maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish va targʻib etishga har birimiz burchlimiz.
Qahramon To'xsanov,
Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori
