Buxoro shahrida yosh tashabbuskorlar uchun “Investorlar kuni” tashkil qilindi
2026-04-15 14:25:00 / Yangiliklar

“Investorlar kuni” doirasida tashabbuskor, startapchi yoshlar o‘z biznes loyihalari bilan qatnashib, professional tavsiyalar olishib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyati bilan tanishdilar. Tadbirda 300 dan ortiq ishtirokchi — yosh tadbirkor, investor va soha vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda yig‘ilganlar uchun “Aloqa Ventures”, “IT Park Ventures”, “Uz VC”, “Domino VC”, “Imkon Ventures”, “Yoshlar VC” kabi yetakchi venchur fondlar mas’ullari tomonidan targ‘ibot-tashviqot olib borildi. Markaziy Bank Buxoro viloyat boshqarmasi boshligi Erkin Mansurov, “Aloqa Venture” fondi direktori Suxrob Gʻaybullayev, “Aloqa bank” boshqaruv raisining o‘rinbosari Farrux Mahkamov, Yoshlar ishlari Agentligi viloyat boshqarmasi boshligi Shavkat Rahmonovlar tashabbuskor yoshlarga o‘z tavsiya va takliflarini berdilar.
Tadbir doirasida startap pitch sessiyasi tashkil etilib, unda yosh izlanuvchan tashabbuskorlar 10 ta startap loyihalari taqdimotini namoyish qilishdi. Jumladan, Bahodir Ramazonovning turagentliklar uchun avtomatlashtirilgan sun’iy intellektli operasion tizimi “Welgo OS”, Ozoda Olimovaning onalar uchun sun’iy intellektli pediatr yordamchisi va tibbiy ishlanmasi “Lactamira”, Javohirbek Bo‘riboyevning mahalliy xizmatlarni topish va bron qilish xizmati “YAGO”, Fayzulla Yodgorovning tarixiy obidalar uchun immersiv raqamli audio-gid va hikoyalar to‘plami “QRTifact”, Salohiddin Yoqubovning haydovchilik imtihonlariga tayyorlovchi innovasion ta’lim ekotizimi “Onless”, Diyorbek Ilhomovning ijtimoiy tarmoqlar uchun sun’iy intellektli avtomatik javob platformasi “Managly” kabi platformalar taqdimoti yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ahamiyatlisi, bu tadbirda venchur fondlar tomonidan 3 ta startap loyiha tanlab olinib, ularga umumiy qiymati 65 ming AQSH dollari miqdorida investisiya kiritiladigan bo‘ldi. Jumladan, “Onless” stratap loyihasi - 20 ming, “Managly” stratap loyihasi 15 ming, “Eventflow” stratap loyihasi 30 ming AQSH dollari miqdorida investisiya mablag‘ini yutib oldi.
Shuningdek, tadbir yakunida Buxoro viloyatining 13 ta shahar-tumanidan qatnashgan iqtidorli yoshlar tomonidan 20 dan ortiq startap loyihasi investorlarga taqdimot qilindi va ularga investorlar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









