Buxoroda kurash boʻyicha U-15 oʻsmirlar (oʻgʻil va qiz bolalar) oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazilmoqda
2026-04-14 20:25:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan iqtidorli yosh polvonlar ishtirok etib, oʻz mahorat va imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi, Kurash federatsiyasi viloyat boʻlimi rahbari Botir Zaripov ishtirok etib, yigʻilganlarni samimiy qutladi hamda barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi. Viloyat rahbari oʻz nutqida mamlakatimizda milliy sport turlarini, xususan, kurashni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar yuksak samaralar berayotganini alohida eʼtirof etdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda sportga, ayniqsa, milliy qadriyatlarimiz bilan uygʻunlashgan kurash sportiga boʻlgan eʼtibor yil sayin oshib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki kurash — bu faqatgina jismoniy baquvvatlik emas, balki iroda, matonat, halollik va vatanparvarlik kabi yuksak fazilatlarni shakllantiradigan maktabdir.
-Bugungi musobaqada ishtirok etayotgan Siz, aziz yoshlar ertangi kunning munosib vorislarisiz. Sizlar nafaqat sport maydonida, balki hayotda ham yurtimizning shaʼnini munosib himoya qiladigan, barkamol avlod sifatida kamol topishingizga ishonamiz. Bu chempionat esa Sizlar uchun oʻz iqtidoringizni namoyon qilish, yangi doʻstlar orttirish va katta gʻalabalar sari ilk qadamlarni qoʻyish imkoniyatidir,-dedi Botir Zaripov.
Tadbirda Kurash federatsiyasi tomonidan Buxoro viloyatida kurash sportini rivojlantirishga qoʻshayotgan salmoqli hissasi uchun viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov tantanali ravishda taqdirlandi.
Musobaqa doirasida bir qator vazn toifalarida murosasiz va qiziqarli final bahslari oʻtkazilib, unda gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Chemprionat 16-aprelga qadar davom etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








